O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bulung‘urda uchta uzumchilik klasteri tashkil etiladi
2021-07-15 | Jamiyat
Samarqandning Bulung‘ur tumani asosan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Havosining mo‘’tadilligi, unumdor tuprog‘i va boshqa tabiiy imkoniyatlari bilan viloyatning boshqa hududlaridan ajralib turadi.
Tumanda uzum yetishtirish borasida ham yaxshigina tajriba to‘plangan. Ayniqsa, sanoatbop uzum tayyorlash va uni qayta ishlashda respublika miqyosida Bulung‘urning o‘zi munosib o‘rni bo‘lgan. Ammo keyinchalik bu sohaning e’tibordan chetda qolishi, mahsulotni qayta ishlash texnologiyalarining eskirishi natijasida uzumchilik bo‘yicha shuhrat yo‘qola bordi.
Keyingi yillarda yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida rentabelli yo‘nalishlarni rivojlantirish, har bir qarich yerdan samarali foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilishi, muhimi, bu borada davlat tomonidan bir qator imkoniyat va imtiyozlar yaratilishi Bulung‘urda uzumchilik an’analarini tiklashga turtki berdi.
– Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida har bir mahallaning o‘sish nuqtalari belgilanganda tumanimizdagi Cho‘yantepa, Avliyoparpi va Chorbog‘ mahallalarida uzum yetishtirish asosiy drayver sifatida qayd etildi,
– deydi Bulung‘ur tumani dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Asliddin Po‘latov.
– Bu mahallalardagi deyarli har bir xonadonda uzum yetishtiriladi. Fermer va dehqon xo‘jaliklarining asosiy faoliyati turi ham shu sohaga yo‘naltirilgan. Ushbu mahallalar tajribasi boshqalarga ham ibrat qilib ko‘rsatildi hamda mavjud shart-sharoit va imkoniyatlari hisobga olinib, yana o‘n mahallani uzumchilikka ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangandi.
Shuningdek, yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda uzumchilikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar asosida tumanimizda 3 ming gektar maydonda sanoatbop kishmish va xo‘raki uzum ekiladigan bo‘ldi. Shu yo‘nalish bo‘yicha 4 ta klaster tashkil etiladi.
Tumanning Chorbog‘ mahallasida 3400 aholi istiqomat qiladi. Bu yerdagi 600 ga yaqin xonadonning har birida uzum yetishtiriladi va oilalarning asosiy daromadi shu ne’mat hisobidan.
Mahalla raisi Muhiddin Qayumovning aytishicha, aholi azaldan shu ish bilan shug‘ullanadi. Shu paytgacha odamlar o‘z hovlisida yoki fermer, dehqon xo‘jaligi yerlarida tokni yerda o‘stirgan, shpaller usulida parvarishlagan bo‘lsa, keyingi yillarda ishkom qilib mo‘l va sifatli hosil olishga erishmoqda.
Jumladan, shu mahallada yashovchi Sulton Pardayev 25 sotixlik tokzorini ishkomga aylantirib har yili 10 tonnagacha hosil olmoqda.
– Bu uzumzorlar deyarli mening yoshim bilan teng, – deydi Sulton akaning farzandi, 29 yoshli Sardorbek Mamatqulov. – Bobom ekkanlar bu toklarni, hozir biz, otam bilan birga ularga parvarishlayapmiz. Ro‘zg‘orimiz shu mehnatimiz ortidan o‘tadi, orzu-havaslarimizga ham uzum, mayiz yetishtirish orqali erishamiz.
Ilgari bu toklar simga tortilgan edi. Keyin vodiy viloyatlariga borib, ishkom usulida hosil yetishtirish tajribasini o‘rganib keldik va tokzorimizni ishkomga aylantirdik. Bu usulda hosildorlik ancha yuqori bo‘lar ekan, uzumning sifati ham ancha yuqori. Muhimi, ishkom tokka ishlov berish, turli kasalliklardan asrashda juda qulay ekan.
Manba: O'zA