O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sport mutaxassislarini tayyorlashda qanday yutuq va muammolar mavjud
2021-07-15 | Sport
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari Turizm va sport vazirligining “Sport bo‘yicha malakali trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirishning dolzarb masalalari to‘g‘risida”gi axborotini eshitdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, 2021-yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilmoqda. Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021-yil davomida qamrov 19 foizdan 25 foizga yetkazilishi belgilab olingan.
bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus filialida 11 ming 748 talaba ta’lim olmoqda. Sport sohasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish maqsadida 2020-yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarining “Sport faoliyati” (faoliyat turlari bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan ta’lim dasturlari doirasida kadrlar tayyorlashni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, 2020-2021-o‘quv yilida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini 1807 nafar talaba o‘qishni tamomladi. Universitet bitiruvchilarini sport bo‘yicha mutaxassislarga talab bo‘lgan buyurtmachilar bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda ishga joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali, xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 8-maydagi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filiali tashkil etildi. Ushbu dargohda 206 nafar talaba ta’lim olmoqda. Shu bilan birga, xorijiy ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan aloqa o‘rnatish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish maqsadida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti hamda 2020-2021-o‘quv yilidan P.F.Lesgraft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va salomatlik fakultetlari tashkil etildi.
Ma’lumki, koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, jismoniy salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. Shu sababli jismoniy tarbiya va sport sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar uchun 2021-yildan boshlab har yili 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda grant mablag‘lari ajratilishi belgilandi. Jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlar ulushini oshirish maqsadida vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga tayanch doktorantura va doktorantura uchun kamida 10 ta o‘rin ajratilishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Eshituvda deputatlar Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi, xususan, tizimda malakali kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida bugungi kunda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, mazkur masalalar vazirlik axborotida o‘z aksini topmagani jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shu bois qo‘mita Turizm va sport vazirligining mazkur axborotini qoniqarsiz, deb topib, chuqur tahlillarga asoslangan ma’lumotlar taqdim etishga hamda vazirlikni kelgusida ushbu masala yuzasidan qayta axborot berishga chaqirdi.
Manba: O'zA