O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu: Biz O‘zbekiston Prezidentining muhim tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun keldik
2021-07-15 | Siyosat
O‘zbekiston poytaxtida o‘z ishini boshlaydigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ishtirokchisi - Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu mamlakatimizga tashrifini Farg‘ona viloyatidan boshladi.
- Yana bir bor qardosh O‘zbekiston diyorida bo‘lib turganimdan hamda “oltin vodiy” deb taʼriflanadigan Farg‘onani ziyorat qilayotganimdan benihoya mamnunman, - dedi Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari. - Turkiya Prezidenti bizga “O‘zbekistonga tez-tez borib turinglar, qardoshlarimiz bilan doim birga bo‘linglar”, degan alohida topshiriq bergan. Bugun biz ertaga Toshkentda boshlanadigan juda muhim xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldik.
Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbus, yangi g‘oya hisoblanadi. U mohiyatan Markaziy Osiyo mintaqasining Janubiy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqligi asosida yangi va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan. Haqiqatan ham bu hududlarda avtomobil va temir yo‘llar, energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari mavjud. Bu jarayonda O‘zbekiston markaziy o‘rin tutadi, deb hisoblaymiz. Bugun biz O‘zbekiston Prezidentining ushbu muhim tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun keldik.
Fursatdan foydalanib ushbu tashrifimiz davomida Farg‘onani ham ziyorat qilishni lozim, deb topdik. Avvalgi tashriflarimiz chog‘ida Xiva, Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘lgan edim.
O‘zbekistonning har go‘shasi tarixiy asarlarga boy, har viloyati go‘zal. Men o‘zim fermer oilasida katta bo‘lganligim sababli dehqonchilikka ham qiziqaman. Farg‘ona dalalarini kezish, butun dunyoga mashhur o‘zbek qovunlarining qanday yetishtirilishini ko‘rish bugungi dasturimizda joy olganidan mamnunman.
Farg‘onaning ham o‘ziga hos madaniyati, tamadduni borligiga guvoh bo‘ldik. Ipak ishlab chiqarish markazi bizda katta taassurot qoldirdi. Qo‘lda to‘qiladigan gilamlar rang-barangligi va behad go‘zalligi bilan kishini lol qoldiradi.
Bunday gilamlardan bir donasini to‘qish uchun oylar, yillar kerak bo‘ladi. To‘quvchi o‘z ko‘zining nuri va mehrini berib ter to‘kadi. Turkiyada ham Hereke deb atalgan qadimgi manzilda xuddi shu uslubda gilamlar to‘qiladi. Bu ham mushtarak jihatlarimiz va qadriyatlarimizning umumiyligidan dalolat.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi