O‘zbekiston va Pokiston biznes doiralarini bir-biriga yaqinlashtirishning yo‘nalishlari belgilandi
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashining 1-yig‘ilishida O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmon doiralarini o‘zaro yaqinlashtirish hamda ular o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, tegishli idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, yirik kompaniya va korxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ishbilarmonlar kengashi ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishga qaratilgan konstruktiv muloqotni olib borish uchun maydoncha bo‘lishga mo‘ljallangan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy tendensiyalarni, xususan, investitsiya va savdo hamkorligining yuqori dinamikasini qayd etdi. Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmasevtika sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasi sohasida salmoqli ishga solinmagan salohiyat mavjudligi ta'kidlandi. Ushbu tarmoqlarning salohiyati tegishli idoralar va tadbirkorlik birlashmalari rahbarlarining chiqishlari chog‘ida batafsil ochib berildi. Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyiha takliflari ham taqdim etildi va ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlarini aniq kelishuv va loyihalarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi