O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarining bugungi kun tartibi, kutilayotgan oliy darajadagi tashrif doirasida ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlikning borishi hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning yangi istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, investisiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnologik sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Ikki tomonlama investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga samarali ilgari surish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobat ustunliklaridan foydalanib, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar. Xususan, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etishni nazarda tutgan holda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlining ulkan salohiyati qayd etildi. Bundan tashqari, to‘qimachilik, charm-poyabzal va farmasevtika sanoati, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham mavjud.
Ta'kidlanganidek, oxirgi yil davomida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdoning o‘sishida ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2020-yilda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yildagisiga nisbatan 20% oshgani, joriy yilning 5 oyi davomida esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar oshganiga alohida e'tibor qaratildi. Ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha muzokara jarayonini jadallashtirishga kelishib olindi. Ushbu Bitim imzolanishi ikki tomonlama savdo aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston va Pokiston Transport vazirliklarining sa'y-harakatlarini birlashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning borishini muhokama qilib, 2021-yil fevral oyida Toshkent shahrida yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha imzolangan tegishli “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiqligini bildirdilar.
Turizm, shu jumladan, ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud bo‘lgan shart-sharoitlar ham qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam ravishda hamkorlik qilib borish, amaldagi kelishuvlar ijrosini jadallashtirish va ikki tomonlama munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi