O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Farg‘onada Jahon banki mablag‘lari hisobidan zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi quriladi
2021-07-14 | Sog‘liqni saqlash
Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov viloyatga tashrif buyurgan Naser Masud hamda Labib Abs boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Jahon banki mablag‘lari hisobidan Farg‘onada quriladigan va zamon talablari darajasida jihozlanadigan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishi jarayonlari muhokama qilindi.
Mehmonlarga Farg‘ona viloyati haqida, xorijiy davlatlar bilan aloqalari, investitsion salohiyati hamda tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida barpo etilishi ko‘zda tutilgan tibbiyot markazi uchun ajratilgan joy, unga kommunikatsiya tarmoqlarining tortilishi, hamkorlikdagi chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Yakunda oldinda turgan rejalar kelishib olindi.
- Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligining roziligi va Moliya vazirligining kelishuvi bilan Jahon banki hisobidan viloyatimizda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qurish rejalashtirilgan. Yangi loyiha Farg‘ona shahrida amalga oshiriladi. Eng ilg‘or tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan markaz barpo etiladi. Xalqimiz salomatligini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam tashlanmoqda, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonov.
Manba: O'zA