O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senatorlar aholi muammolarini ham o‘rganmoqda
2021-07-14 | Hujjatlar
Oliy Majlis Senati a’zolari joylarda bo‘lib fuqarolar bilan uchrashmoqda. Ularga so‘nggi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlar, farmonlarning mazmun-mohiyatini tushuntirmoqda. Shuningdek, senatorlar yurtdoshlarimizning murojaatlariga quloq tutib, ularni ijobiy hal etishga harakat qilmoqda.
Senator Manzuraxon Salimova Farg‘ona viloyati Quva, Farg‘ona tumanlari va Quvasoy shahar sektor rahbarlari, tuman-shahar kengashlari deputatlari va fuqarolar bilan uchrashdi.
Uchrashuvlarda M.Salimova tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining targ‘iboti, Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati hamda Senat tarkibida tashkil etilgan yangi – Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi va uning oldida turgan vazifalar haqida tushuntirish ishlari, davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati sodda va xalqchil usulda yetkazildi.
– Albatta, yurtimizda so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan dasturilamal hujjatlar yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari, ularga qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlarda ham aynan islohotlarni yurtdoshlarimizga yetkazishga e’tibor qaratmoqdamiz, – deydi M.Salimova.
Shuningdek, senator fuqarolar murojaatini ham tingladi. Xususan, Quvasoy shahri Pakana mahallasida yashovchi E.Ashurovaning murojaati sud-huquq sohasiga taalluqli ekanligi inobatga olinib, unga huquqiy maslahatlar berildi.
Manzuraxon Salimova hududlardagi uchrashuvlari doirasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishib, ushbu daftarlardagi fuqarolar bandligini ta’minlash borasidagi vazifalar xususida mas’ullar bilan kelishib oldi.
Manba: O'zA