O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Pokiston elchisi Said Asad G‘iloniy: Toshkent konferensiyasi O‘zbekistonning mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdagi katta muvaffaqiyati va ushbu jarayonga qo‘shgan salmoqli hissasi bo‘ladi

2021-07-13 | Siyosat

Joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik.

- Avvalambor, ushbu suhbatni tashkil etganingiz uchun sizga va agentligingizga minnatdorlik izhor etaman, - dedi pokistonlik diplomat. – Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixi o‘z ildizlari bilan uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Mamlakatlarimiz umumiy madaniyat va ma’naviy qadriyatlarga ega. Bizni bog‘lab turgan mushtarakliklar juda ko‘p – biz bir gulning yaproqlarimiz.

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng ishonch va qat’iyat bilan taraqqiyot yo‘lini tanladi. 2016-yilja esa mazkur ravnaq jarayonida jiddiy va sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga kirdi. Biz mamlakatning so‘nggi yillarda butun dunyoqarashi o‘zgarganini ko‘rib turibmiz. Xalqaro va mintaqaviy darajalarda O‘zbekiston muhim sub’ektga aylandi. Xuddi shuningdek, Pokiston – O‘zbekiston munosabatlari ham bu bosqichda yangicha mazmun kasb etdi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajaga ko‘tarildi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi, inson huquqlari himoyasi va boshqa ko‘plab masalalarda manfaatlar mushtarakligi, bir xil qarashlar mavjud. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xususida to‘xtalganda, ikki tomonlama savdo-sotiq allaqachon 100 million dollardan oshib ketganini qayd etib, Afg‘onistondagi vaziyat yaxshilanganidan so‘ng yangi darajaga chiqish lozimligini aytishni istar edim.

Pokiston va O‘zbekiston 2021-2023-yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zolikka saylandi. Davlatlarimiz inson huquqlari himoyasi bilan bog‘liq masalalarda o‘z qat’iyatini namoyish etdi. Madaniy aloqalarga kelsak, Pokiston va O‘zbekiston umumiy ma’naviy-ma’rifiy merosga ega. Xususan, Pokistonda Bahovuddin Naqshbandning izdoshlari ko‘p. Boshqa tomondan esa o‘zbek do‘stlarimiz Pokistonning ajoyib, diqqatga sazovor maskanlarini ko‘rishsa ko‘zlari quvonadi.

Bosh vazir Imron Xonning O‘zbekistonga kutilayotgan rasmiy tashrifi turli sohalardagi Pokiston – O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanishida muhim bosqich bo‘ladi. Bu, shuningdek, ikki mamlakat yetakchilariga mintaqadagi vaziyat yuzasidan o‘zaro fikr almashish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Jo‘g‘rofiy joylashuv, diniy-ma’rifiy yaqinlik, tarix, iqtisodiyot va mintaqaviy rivojlanish – bularning barchasi Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yanada yaqin aloqalar va sheriklik uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.

Bosh vazir Imron Xonning O‘zbekistonga tashrifi hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar o‘zaro hamkorlikning yanada rivojlanishiga turtki beradi.

Pokiston Bosh vazir Imron Xon rahbarligi ostida dadil va puxta o‘ylangan qadamlarni tashladi. Jumladan, Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi (China–Pakistan Economic Corridor, CPEC) rivojlantirilmoqda, chunki bu nafaqat mamlakat ichkarisida foydali bo‘ladi, balki mintaqaviy va xalqaro sarmoyadorlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi.

Pokiston dengiz yo‘llariga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi kommunikatsiya infratuzilmasi vositasida bandargohlarga chiqishda ko‘maklashishi mumkin.

Markaziy Osiyo hamda zamonaviy Pokiston kiradigan mintaqa uzoq tarix davomida savdo, madaniy va diniy rishtalar bilan xuddi bir yagona makondek o‘zaro bog‘langan edi. Odamlar va g‘oyalar erkin harakatlanar edi. Zamonaviy ilmiy ishlanmalar, aloqa va axborot texnologiyalarining yangi uslub va imkoniyatlari butun jahon dunyoqarashini o‘zgartirib yuborgan bugungi kunda bu mintaqalar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni tiklash hamon ro‘yobga chiqmagan orzu bo‘lib turibdi.

Bugun to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va to‘g‘ri tanlov orqali ushbu niyatga erishish mumkin. Yaqinlashib kelayotgan xalqaro konferensiya mintaqa yetakchilariga bir davrada to‘planib, hali ishga solinmagan salohiyatdan samarali foydalanish yo‘llarini topish uchun qulay imkoniyat taqdim etadi.

Bunda biz ochilayotgan yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishi tufayli ro‘para kelishimiz mumkin bo‘lgan tahdidlarni ham teran anglamog‘imiz lozim. Biz Afg‘onistonning yangi fuqarolik urushiga botib qolishiga qarab turolmaymiz. Bu afg‘onlarga ham, uning yaqin qo‘shnilariga ham naf keltirmaydi.

Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu konferensiyani tashkil etish bo‘yicha tashabbusini yuqori baholayman. Bu tadbirni aynan hozir o‘tkazish oqilona va uzoqni ko‘zlangan qarordir. O‘ylaymanki, bu O‘zbekiston rahbarining mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdagi katta muvaffaqiyati va ushbu jarayonga qo‘shgan salmoqli hissasi bo‘ladi.

Hozirgi paytda o‘zaro bog‘liqlik muvaffaqiyatning kaliti hisoblanadi. Keling, bunga Yevropa misolida qarab ko‘raylik. Yevropa ko‘pgina katta va uzoq davom etgan urushlarni boshdan kechirgan. Yevropada dengiz orqali savdo qilish imkoniyatlariga ega mamlakatlar ko‘p, biroq dengizga chiqish yo‘li mavjud bo‘lmaganlari ham bor. Vaqti kelganida Yevropa yetakchilari o‘zaro birlashishga qaror qildi. Bugungi kunda Yevropaning o‘zaro bog‘liqlik, savdo-sotiq, iqtisodiy rivojlanish darajasi va xalqaro maqomi qandayligini yaqqol ko‘rib turibmiz.

Xitoyning “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusi konsepsiyasini ham xuddi shunday tahlil qilib ko‘rsak bo‘ladi. Bularning barchasi o‘zaro bog‘liqlik, o‘zaro bog‘liqlik va yana o‘zaro bog‘liqlikka yo‘naltirilgan. Savdo-iqtisodiy faollik mavjud bo‘lsa mintaqa ham ravnaq topadi. Mintaqa tinchlik va farovonlikka intilsa birqarorlik va tinchlik mustahkamlanadi. Mamlakatlar nizolarni kuch bilan emas, balki muloqot yo‘li bilan bartaraf etishga moyildir. Bu mintaqadagi odamlar hayotining sifatini yanada oshiradi. Ijtimoiy barqarorlik, hayot darajasining yuqoriligi va tinchlik – har qanday yetakchi o‘z xalqiga hohlaydigan juda totli omillar mana shulardir.

Men yangi yuksalishni, farovonlik, taraqqiyot va tinchlikning yangi davrini ko‘rayapman. Toshkent konferensiyasi ana shu yangi davrdagi muhim qadam bo‘lib qoladi. Shu nuqtai nazardan ushbu konferensiya favqulodda muhimdir.

Biz mintaqaning ayrim muhim jihatlarini to‘la anglashimiz kerak. Eng avvalo, bu Afg‘oniston bilan bog‘liq. Agar siz xaritaga qarasangiz, Afg‘oniston Sharq va G‘arb, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in ekanini ko‘rasiz. Bu mamlakatdan sharqqa qarab aholisi gavjum Pokiston, Hindiston, Bangladesh va Uzoq Sharq joylashgan. G‘arbda esa - Rossiya va Yevropaga ko‘prik hisoblanadigan Markaziy Osiyo va Eron. Endi bir tasavvur qiling, agar Afg‘oniston barqaror va tinch bo‘lsa, ushbu mamlakat orqali savdo hamda tijoriy faoliyat amalga oshirilsa Osiyo va Yevropa mintaqalarini bog‘lovchi bu tinchlik oroli naqadar yaxshi bo‘lardi. Shunda Sharq va G‘arbdagi ulkan aholi yashaydigan hududlar avtomobil va temir yo‘l infratuzilmalari orqali bog‘lanadi, masofalar qisqaradi, savdo-sotiq jadallashadi va xarajatlar arzonlashadi. Shuning uchun ham mazkur konferensiyadan samarali natijalar erishish uchun eng muhim yoki asosiy rag‘bat – Afg‘onistondagi tinchlikdir.

Boshqa yana bir muhim jihat - o‘zaro bog‘liqlik orqali biz intilayotgan marra va maqsadlardir. Pokiston – 220 million aholiga ega bo‘lgan mamlakat, ulkan bozor. Pokiston bandargohlari Fors ko‘rfazi, Hindiston va Uzoq Sharqni bog‘laydigan o‘ta muhim dengiz yo‘llarida joylashgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari amalda bir necha mintaqaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Pokiston hududida Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi yakuniy bosqichga kirmoqda. Ushbu megaloyiha doirasida biz infratuzilmani modernizatsiya qildik va rivojlantirdik, maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda. Bu zonalar Markaziy Osiyo tadbirkorlariga o‘z loyihalarini amalga oshirish, Pokiston bandargohlaridan foydalanib, daromad olish uchun qulay imkoniyatlar taqdim etadi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться