O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahrida O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasining servis xizmat ko‘rsatish va sotuv markazi ishga tushdi
2021-07-13 | Iqtisodiyot
Markazning ochilish marosimida Xitoyning XCMG korporatsiyasi vitse prezidenti Lyu Hanson hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Husnitdin Xasilov ishtirok etdi.
– Hozirgi kunda korxona mahsulotlariga kun sayin talab va ehtiyoj ortib bormoqda, – deydi Xitoyning XCMG korporatsiyasi vitse prezidenti Lyu Hanson. – Shu bois, sotuv markazi ochib, servis xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. O‘zbekiston hukumatiga faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlab, markaz uchun yer ajratib berganligi uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Joriy yil yakuniga qadar bunday markazlarni Navoiy va Andijon shaharlarida ham tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Qayd etish kerakki, 2014-yilda qabul qilingan qarorga ko‘ra ish boshlagan “UzXCMG” qo‘shma korxonasi barcha turdagi gidravlik ekskovator va buldozerlar hamda turli vazifalarga mo‘ljallangan qurilish texnikalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. “UzXCMG” korxonasi ishlab chiqarayotgan texnika Yaponiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining dvigatellari va gidravlika tizimlari bilan jihozlangan va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» va Xitoyning XCMG korporatsiyasi bilan imzolangan kelishuvga asosan “UzXCMG” korxonasi negizida gidravlik ekskavatorlarning 5 ta asosiy qismini mahalliylashtirish (rama, povorotnaya rama, strela, rukoyat, kovsh) tadbirlari olib borilmoqda. Bunda “UzXCMG” korxonasi va yurtimizdagi boshqa sanoat korxonalarida mahalliylashtirish ko‘rsatkichini 51 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
“UzXCMG” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati davomida bugungi kunga qadar umumiy hisobda 1700 donaga yaqin har xil turdagi meliorativ, qurilish va yo‘l qurilish hamda maxsus texnikalar ishlab chiqarilib, o‘z egalariga yetkazib berilishi ta’minlangan.
Tadbirda zamonaviy texnikalar hamda markaz binosi bilan yaqindan tanishish barobarida, xitoylik hamkorlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasida ham o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi.
Manba: O'zA