O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
To‘ra Bobolov: “Yoshlarni ishonchli qanotim, yaqin suyanchig‘im sifatida bilaman”
2021-07-13 | Yoshlar
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Yoshlar parlamenti” a’zolari hamda tumanlar va Termiz shahridagi 60 ta sektorga faol yoshlardan biriktirilgan ishonchli vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilayotgan e’tibor haqida alohida fikr yuritildi. Yoshlarning qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, iste’dodli yigit-qizlarni munosib rag‘batlantirish, ta’lim olishi va bandligini ta’minlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.
Viloyatda yoshlar hayoti har taraflama o‘rganilib, ularning 56 mingga yaqini “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Hozirgacha bu yoshlarning aksariyati ishga joylashtirildi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Kompyuter va tikuv mashinalari berildi. Uch yuzga yaqin kam ta’minlangan oilaning kontrakt asosida o‘qiyotgan farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalariga shartnoma pullari to‘lab berildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan faol yoshlar o‘z sektorlari hududida mavjud muammolar haqida atroflicha fikr yuritdi. “Mahallabay”, “Xonadonbay” o‘rganishning natijadorligini ta’minlash, “Yoshlar daftari”iga kiritilgan tengdoshlari duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Manba: O'zA