Joriy yilning 12-iyul kuni Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan Samarqand va Jizzax viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida har biri 220 MVt quvvatga ega 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga 300 million dollargacha investitsiyalar kiritish bo‘yicha Investitsiyaviy bitimlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, “Masdar” Bosh direktori Muhammad Jamil al-Ramaxiy shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Said Matar al-Kamzi ishtirok etdilar.
2021-yilning may oyida “Masdar” Samarqand va Jizzax viloyatlarida (Kattaqo‘rg‘on va G‘allaorol tumanlarida mos ravishda) ikkita fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘olibi deb e'lon qilingan edi. BAA kompaniyasi Samarqand viloyatidagi loyiha bo‘yicha bir kilovatt-soat 1,791 AQSh sentiga, Jizzax viloyatida esa 1,823 AQSh sentiga teng bo‘lgan tariflarni taklif qildi.
Ushbu tariflar quyosh fotoelektrik stansiyalari ishlab chiqaradigan elektr energiyasi uchun jahondagi 10 eng past narxlar ro‘yxatiga kirdi.
Yuqoridagi ikkita loyiha bo‘yicha tender savdolarida ishtirok etishga 80 dan ortiq yetakchi xalqaro kompaniyalar o‘z qiziqishlarini bildirdilar. Bu xorijiy biznes doiralarining mamlakat energetika sektoriga investitsiyalar kiritishdan yuqori manfaatdorligini ko‘rsatadi.
Tender savdolarining birinchi bosqichidan 15ta kompaniya, jumladan, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), “Total Eren” va “Total Solar Intl” (Fransiya), “KEPCO”, “KIND” “Samsung C&T” "(Janubiy Koreya), “Jinko Power”, “Powerchina Resources” va “Risen Energy” (XXR) kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar muvaffaqiyatli o‘tdi. Shundan 7ta kompaniya Jizzax viloyatidagi loyiha hamda 6 ta kompaniya – Samarqand viloyatidagi loyiha bo‘yicha elektr energiyasi tariflari yuzasidan takliflarni kiritish uchun tanlab olindi.
“Masdar” quyosh fotoelektr stansiyalarini loyihalash, moliyalashtirish va qurishni amalga oshiradi, shuningdek, ulardan 25-yil davomida foydalanadi. 2021-yil oxirida qurilish ishlarini boshlash hamda 2023-yilda elektrostansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Energetika vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyalarini qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosidagi tender savdolari dasturining bir qismidir. Dasturni texnik qo‘llab-quvvatlash Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Dastur O‘zbekiston Hukumatining qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va ularning umumiy ishlab chiqariladigan quvvatdagi ulushini 2030-yilga borib 25% ga yetkazish strategiyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir.
Shuningdek, marosim chog‘ida “Masdar” va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha tegishli Bitimlar imzolandi. Ularga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni 25-yil davomida BAA hamkorlaridan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib oladi.
Ma'lumot uchun: “Masdar” – “Mubadala Investment Company” investisiyaviy xoldingning sho‘'ba korxonasi va dunyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning amalga oshirilgan investisiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan 4000 MVtdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga oladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi