O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ota-onalar elektron kundalik tizimiga qanday munosabatda?
2021-07-12 | Jamiyat
Joriy yil yanvar-may oylarida O‘zbekistonda ta’lim xizmatlarining o‘sish sur’atlari eng yuqori natijani ko‘rsatib, 145,2 foizni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichdan faqatgina ijara va ijara xizmatlari yuqoriroq bo‘ldi – 146,9 foiz.
Shu bilan birga, 2020-yilda ko‘rilgan qatiy karantin choralaridan so‘ng, ta’lim xizmatlari darajasi eng tez tiklangan soha bo‘ldi. Qat’iy karantin sharoitida ta’lim xizmatlarining o‘sish sur’atlari grafigi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida PMTI katta ilmiy xodimi D.X.Vaxabova tomonidan tuzilgan.
Yangi raqamli xizmatlar bilan ishlashda jamoatchilik fikrini inobatga olish juda muhimdir. Olingan ma’lumotlarga asoslanib, qiyinchiliklarni jamlash, nuqsonlarni bartaraf etish va qo‘shimcha xizmatlarni amalga oshirish osonroq. Elektron kundalikni yanada takomillashtirish uchun ota-onalarning O‘zbekistondagi ta’limni raqamlashtirishga munosabati to‘g‘risida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu so‘rovda 10 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi.
67 foizdan ko‘prog‘i qog‘ozli kundaliklarni bekor qilish va elektron kundaliklarga o‘tishga ijobiy munosabatda bo‘lgan. 22 foizi yangilikka qarshi, 12 foizi esa javob berishga qiynalgan. Ota-onalar (86 foiz) elektron kundalikning eng qulay tomoni – har qanday vaqtda va istalgan joyda bolaning aniq dars jadvali, baholari, topshiriqlari, davomatini kuzatish mumkin, deb hisoblaydi. Shuningdek, ijobiy o‘zgarishlar qatorida bolalar tomonidan bilim olishga bo‘lgan qiziqishning o‘sishi ham bor.
Aksariyat ota-onalar elektron kundalikning joriy etilishiga ijobiy munosabatda bo‘lishini va Kundalikni qulay deb hisoblashlarini ta’kidlagan. Ota-onalarning 80 foizi elektron kundalikka obuna bo‘lish uchun yiliga 9200 so‘m miqdoridagi mablag‘ to‘lanishi maqbul ekanligini bildirgan.
Avvalo, ota-onalar elektron kundalikdagi baholarga, davomatga, keyin esa uy vazifalariga e’tibor beradi. Darsga bo‘lgan sharhlar va tizimdagi o‘qituvchilar bilan aloqa qilish kamroq qiziqish uyg‘otadi. Foizlardagi bu tafovut an’anaviy telefon qo‘ng‘iroqlari yoki maktabga tashrif buyurish ko‘pchilikka odatga aylanganligi bilan bog‘liq. Ko‘pchilik uchun yozish va o‘qituvchidan javob kutishdan ko‘ra qo‘ng‘iroq qilish osonroq. Ammo vaqt o‘tishi bilan onlayn muloqot uchun «tarafdorlar» ulushi o‘sib boradi.
Respondentlarning 46 foizi elektron kundalik bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelmasliklarini, 39 foizi kamdan-kam hollarda, 5 foizi tez-tez duch kelishini bildirgan. Raqamli ta’lim platformasi bilan ishlashda asosiy qiyinchilik Internet sifatining pastligi va qimmatligidir. 48 foiz ota-onalarning fikri shunday bo‘ldi.
Mamlakatda Internet sifati bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmoqda, buni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ma’lumotlari ham tasdiqlaydi. 2019-yil yanvaridan 2021-yil yanvarigacha O‘zbekistonda statsionar Internet tezligi uch barobardan oshdi – 10,89 Mbit/s. dan 34,26 Mbit/s. gacha. Mobil Internet tezligi 12,94 Mbit/s. ga yetdi.
Uy vazifasi va dars jadvalining nomuvofiqligi kompaniyaning qo‘llab-quvvatlash so‘rovlari orasida keng tarqalgan bo‘lib, so‘rovda qatnashganlar ham ushbu fikrni ta’kidladi. Tizimdagi bunday nomuvofiqliklar maktab xodimlari tomonidan qanday ma’lumotlar kiritilishiga bog‘liq. Tizimda hech narsa avtomatik ravishda o‘zgarmaydi, na ma’lumotlar, na login va kalit so‘zlar. Bunday holatlarni minimallashtirish uchun kompaniya metodistlari maktab xodimlari uchun seminarlar o‘tkazishda uy vazifalarini berish, jadvallarni kiritish, tahrirlash mexanizmini alohida-alohida tushunturadi.
Ko‘pgina ota-onalar har kuni o‘z farzandlarining elektron kundaligini tekshiradi, bu davriylik ko‘proq boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga xosdir. Katta sinflarda ota-ona nazorati zaiflashadi. Ammo respondentlar orasida kundalikni har kuni yoki har hafta ko‘radiganlar ko‘pchilikni tashkil etib, atigi 4 foizi kundalikni oyiga bir marotaba ko‘rishar ekan.
Ota-onalarning 50 foizi ilgari qog‘oz kundalik uchun taxminan 10-15 ming so‘m, 28 foizi 20 ming so‘m atrofida, 5 foizi 5 ming so‘m oralig‘ida sarflagan. Ota-onalarning 17 foizi 3 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlar oralig‘ini ko‘rsatdi.
Ma’lumotlarning yangilanishi to‘g‘risida: Ta’lim tashkiloti xodimlari kiritilgan ma’lumotlarning sifatli, o‘z vaqtida va to‘liqligi uchun javobgardir. Har bir maktabda tizimdagi ma’lumotlarning to‘g‘ri yangilanishini nazorat qiluvchi tizim ma’murlari mavjud.
Ota-onalarning 62 foizi baholashlar tezda yangilanadi va kundaliklardagi ma’lumotlar har kuni o‘zgaradi, deb hisoblaydi. 2,9 foiz ota-onalarning fikricha o‘qituvchilar ma’lumotni yangilamaydi, ko‘pincha ma’lumotning past darajadagi yangilanishi hali qog‘ozsiz hujjat aylanishiga o‘tmagan maktablar uchun xosdir.
So‘rovlar ko‘rsatishicha, aksariyat foydalanuvchilar elektron kundalik bilan ishlash uchun smartfondan foydalanadi. Buning sababi shundaki, zamonaviy smartfonning funksionalligi ko‘p vaqtni tejaydi. Bu sizga turli xil servislar, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, onlayn yig‘inlar o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlarda ishlash kabi qulayliklarni taqdim etadi.
Mobil telefon orqali bolalar kundaligiga kirish, ayniqsa, ishlayotgan ota-onalar uchun juda qulaydir. Qayd etishlaricha, yangi o‘quv yilida qo‘shimcha qulaylik sifatida ota-onalar va o‘quvchilar uchun mobil ilova mavjud bo‘ladi. Biroq, ilova bepul bo‘ladimi-yo‘qmi hali ma’lum emas.
Ma’lum bo‘lishicha, ota-onalarning aksariyati (61 foizi) elektron kundalikdagi baholarni farzandlari bilan birgalikda ko‘radi. Ularning fikriga ko‘ra, bu yo‘l bilan bola ota-onaning e’tiborini ko‘proq his qiladi va yuqori ko‘rsatkichlarga intiladi. Bunday holda, bola darhol baholash yoki vaziyat haqida izoh berishi mumkin, bu esa ta’lim masalalarida yanada ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga yordam beradi. 39 foiz ota-onalar esa kundalikda o‘z-o‘zini tekshirish bolalarning mustaqilligini mustahkamlashga va xatolar yoki yutuqlar uchun ko‘proq mas’uliyatni his qilishga yordam beradi, deb hisoblaydi.
2020-2021-o‘quv yili yakunlandi, lekin mazkur yil epidemiologik vaziyat sababli vaqti-vaqti bilan masofadan o‘qitish shakliga o‘tishi bilan ham qiyin bo‘ldi. Ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, ular raqamli ta’lim platformasi bilan ishlashdan qoniqdi, elektron kundalikning imkoniyatlari, uning narxi va ixtiyoriyligini ijobiy baholadi. Ammo qarshi fikrlar ham bildirilgan. Tizim to‘liq ishga tushgach bu kabi salbiy fikrlar o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi.
Manba: O'zA