O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov videokonferensaloqa orqali Yevropa komissiyasi ijrochi vise-prezidenti Valdis Dombrovskis bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlik hamda Markaziy Osiyo davlatlarining transport aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yevropa tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni e'tirof etdi. Bryussel ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida ahamiyat berayotgani ta'kidlandi.
Yevropa tomoni O‘zbekiston YeI “GSP+” umumiy preferensiyalar tizimi afzalliklaridan samarali foydalanishiga, shu jumladan, biznes vakillarining Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilgan tarif imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropa bozorlariga O‘zbekiston mahsulotlari eksportini ko‘paytirish istiqbollari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar orqali yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Joriy yilning 28 – 30-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning 8-raundida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) loyihasini tasdiqlash yuzasidan erishilgan yutuqlar alohida qayd etildi. Hujjatning qolgan bir qator bo‘limlari bo‘yicha mavjud masalalarni kelishish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida YeI bilan hamkorligi samaradorligi ta'kidlandi. Yaqin kelajakda tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Yevropa tomoni O‘zbekistonga zarur materiallarni tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, tegishli sohalarda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, JSTga a'zo bo‘lish jarayonlari bilan bog‘liq o‘zbek ekspertlarining malakasini oshirishda texnik yordam ko‘rsatishni yanada kuchaytirishini bildirdi.
Shuningdek, bugungi kunda ishlab chiqilayotgan 2021 ‒ 2027 yillarda O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining ko‘p yillik indikativ dasturi doirasida moliyaviy-texnik sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu kabi dastur doirasida 2014 ‒ 2020-yillarda 18 ta ustuvor loyihani amalga oshirish uchun 168 mln yevro grant mablag‘lari ajratilgani ta'kidlandi.
Muzokaralar yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuviga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi