O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Olimpiya umidlari: Velosportchi Olga Zabelinskaya
2021-07-09 | Sport
O‘zbekiston velesporti jahonda o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Yurtimizda velosportni yana-da rivojlantirish, yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlarni ushbu sportga keng jalb etish va shu orqali mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shish kabi istiqbolli rejalar ishlab chiqilmoqda.
Jizzax shahrida xalqaro andozalarga mos BMX trassasining qurilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Bundan tashqari, 2020-yilda O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marotaba velesport bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini taqdim etadigan Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi.
Mazkur qitʼa chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qilgan taniqli atlet Olga Zabelinskaya Kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Bundan tashqari, u o‘zbek sporti tarixida velosport bo‘yicha Jahon kubogida ishtirok etgan ilk ayol sportchi hamdir.
Olga Zabelinskaya 1980-yil 10-mayda tug‘ilgan. Trassa va avtomagistral yo‘nalishlarida harakat qiladi. U London-2012 Olimpiadasida kumush va bronza, shuningdek, Rio-2016 musobaqalarida bronza medallarni qo‘lga kiritgan. 2018-yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasining aʼzosi. Taʼkidlash kerakki, Olganing O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga qo‘shilishi uning faoliyatida yangi qirralarni ochdi. Jumladan, u 2019-yili Jakartada o‘tkazilgan velosport bo‘yicha Osiyo chempionatida turli yo‘nalishlarda 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza nishonini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, velosport bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etib, 4-o‘rinni egalladi. Toshkentda o‘tkazilgan litsenzion Osiyo chempionatida yakkalik va guruh poygalarida oltin medal sohibasi bo‘ldi. Qitʼa birinchiligidagi ikkita oltin medal Olga Zabelinskayaga Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani taqdim etdi.
Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan vakilamizning asosiy maqsadi Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida zafar quchib, oltin nishonni mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga sovg‘a qilish. «Men sportga kirib kelgan paytimdan buyon Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritishga intilaman. Shu paytga qadar ikki Olimpiadada sovrindorlar qatoridan joy oldim. Bu esa meni qoniqtirmaydi. Men asosiy maqsadimga erishishni xohlayman. Tokio-2020 bellashuvlariga tayyorgarlikni Rio-2016 musobaqalaridan keyinoq boshlaganman», - deydi O.Zabelinskaya.
Maʼlumot uchun, tennischimiz Denis Istomin Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabasidan keyin terma jamoamiz vakillari orasida birinchi bo‘lib Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan edi. Olga Zabelinskaya esa ikkinchi bo‘lib yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi