O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ekin maydonlari fitosanitarholati nazoratdi
2021-07-08 | Iqtisodiyot
Andijon viloyatidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan band, ya’ni fermer va deqqon xo‘jaliklari, viloyat o‘rmon fondi yerlari, axoli tomorqasidan iborat bo‘lgan 68 ming 677 gektar ekin maydoni joriy yilning o‘tgan davrida O‘simliklar karantini hududiy davlat inspeksiyasi agronom inspektorlari tomonidan karantin ko‘rigidan o‘tkazilib 6 ming 333 ta dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Jumladan, viloyat bo‘yicha 2 ming 427 ta meva-sabzavot yo‘nalishidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari ekin maydonlari nazoratga olinib, 26 ming 788 gektar, paxta va g‘allaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining 22 ming 400 gektar, issiqxona xo‘jaliklari tasarrufidagi 249 gektar, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi o‘rmon fondi tasarrufidagi 3 ming 184 gektar bog‘ va ekin maydonlari mutaxassislar tomonidan nazoratga olinib, fitosanitar holati monitoring qilib borilmoqda.
Bundan tashqari, axoli tomorqa xo‘jaliklariga qarashli 4 ming gektar ekin maydonida ham fitosanitar nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari xamda axoli tomorqalaridagi 362,4 gektar maydondagi ekinlarda turli zararli organizmlar aniqlanib, ular agrotexnik va kimyoviy usullar orqali zararsizlantirildi.
– Ekin maydonlarining fitosanitar holatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq qonunbuzishlar, shuningdek, o‘simliklar karantini sohasida belgilangan tartiblarga rioya qilmagan 25 nafar jismoniy shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, ichki ishlar idorasi jarima tizimiga kiritildi, - deydi Andijon viloyati O‘simliklar karantini hududiy inspeksiyasi ichki karantin bo‘lim boshlig‘i N. Yokubov. - Shundan 9 nafar qonunbuzar sud qarori asosida jarimaga tortildi.
O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ko‘mak tariqasida berilgan 17 xil turdagi, jami 2 ming 90 dona feromon tutqichlar ekin maydonlariga o‘rnatilib, inspektorlar tomonidan feromonitoring nazorati olib borildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyati O‘simliklar karantini hududiy inspeksiyasi hamda eksportbop bog‘ va issiqxona xo‘jaliklari, qadoqlash sexlari o‘rtasida xizmat ko‘rsatish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.
Hududlardagi issiqxona xo‘jaliklari qaytadan xatlovdan o‘tkazilib, viloyatdagi issiqxona xo‘jaliklarining ro‘yxati shakllantirildi, ularning pomidor va bo‘lg‘or qalampiri mahsulotlari namunalari Markaziy karantin laborotoriya tekshiruvidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ye. Fito axborot tizimiga viloyatdagi mavjud ekin maydonlari, 2 ming 65 nafar fermer, dehqon xo‘jaliklari yer maydoni va axoli tomorqasi haqidagi ma’lumotlar joylandi.
Andijon viloyati o‘simliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan o‘simliklar karantini, sohaga oid konun va qarorlar mazmun-mohiyatini mutaxassislar, keng jamoatchilikka yetkazish borasida ham keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Faoliyat yuritayotgan agronom inspektorlar fermer xo‘jaliklari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi, keng jamoatchilik ishtirokida muntazam ravishda suhbatlar o‘tkazmoqda.
Bu nafaqat mutaxassislarning, balki keng jamoatchilikning ekin maydonlari holatini sof saqlash, turli zararkunanda hashorotlarga qarshi kurashish, mazkur yo‘nalishda salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish borasidagi bilim va tushunchalarini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Manba: O'zA