O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi
2021-07-08 | Siyosat
So‘nggi yillarda xalqaro doirada muvofiqlikni baholash sohasining takomillashtirilishi natijasida ekspertlar tomonidan sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda akkreditatsiya faoliyatining alohida qonuniy asosi bo‘lmog‘i va u bosqichma-boqich rivojlantirilib borilishi muhim hisoblanadi.
Mahsulot, jarayon, xizmat ko‘rsatish masalalarida iste’molchilar va davlat huquqlarini himoya qilish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish, savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etish har bir mamlakat iqtisodiyoti rivojining ustuvor vazifalaridan.
Rivojlangan davlatlar aynan akkreditatsiya tizimini halqaro talablarga moslashtirish mexanizmidan foydalanganliklari uchun bu kabi masalalarni yuqori samaradorlik bilan hal eta olganlar.
Xalqaro tajribaning so‘nggi besh yillik tahlillariga nazar solsak, muvofiqlikni baholash va muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish sohasida 15 dan ortiq yangi xalqaro standartlar qabul qilingan. Ushbu standartlarda muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya jarayonida betaraflik, xolislikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masallariga alohida urg‘u berilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda bu borada holat qanday? Avvalo sohani tartibga soluvchi qonuniy asosga nazar soladigan bo‘lsak bunda faqatgina 1993-yilda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi va 2013-yildagi “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarni ko‘rishimiz mumkin. Bu o‘z-o‘zidan ushbu qonun hujjatlari bugungi kun talablariga qanchalik javob beradi, degan savol tug‘dirishi tabiiy.
Tan olib aytish kerakki, ushbu qonunlarda akkreditatsiya jarayonlarida betaraflik va xolislik ta’minlanishining qonuniy asoslari yo‘q. Sohadagi manfaatdor idoralarning vazifalari va vakolatlari to‘liq ochib berilmaganligi hamda akkreditatsiya organi vakolatlari cheklab qo‘yilganligi sababli akkreditatsiya natijalari xalqaro darajada tan olinishiga imkon yaratilmagan.
Bu muhim masalani hal etish, shuningdek, respublikamiz milliy akkreditatsiya tizimi halqaro standartlar asosida faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu hujjat amaldagi xalqaro talablar, jumladan, Yevropa ittifoqi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tajribalari asosida yaratilgan. Unda xalqaro amaliyotda qabul qilingan akkreditatsiyaga doir masalalar yoritilgan.
Jumladan, hujjatda muvofiqlikni baholash organlarini (MBO) akkreditatsiya qilish sohasidagi munosabatlar halqaro standartlardan kelib chiqqan holda tartibga solinishi belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, muvofiqlikni baholash faoliyatini amalga oshirishning majburiy yoki ixtiyoriy xususiyatidan qat’i nazar, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishning asosiy yo‘nalish va talablari belgilab berilgan, shuningdek, manfaatdor tomonlarning akkreditatsiya qilingan sub’ektlar faoliyatiga bo‘lgan ishonchini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda akkreditatsiya bo‘yicha Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) talablari, shuningdek, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilotlarga talablarni belgilovchi ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablari inobatga olingan.
Yangi ishlab chiqilgan qonun loyihasida akkreditatsiya sohasini davlat tomonidan tartibga solishning vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda akkreditatsiya sohasidagi vakolatli davlat organi vakolatlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy akkreditatsiya tizimi tarkibi, akkreditatsiyaning tan olinishi va transchegaraviy akkreditatsiya masalalari, shuningdek, akkreditatsiya organini tashkil etish, akkreditatsiya uchun ariza beruvchi va akkreditatsiya qilingan sub’ektning huquqlari hamda majburiyatlari aniq belgilab berilgan.
Qonun loyihasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi natijasida:
–mavjud akkreditatsiya faoliyatini takomillashtirish va xalqaro standartlar talablariga uyg‘unlashtirish orqali akkreditatsiya organiga qonuniy tus berilib, uning xolisligi va betarafligini ta’minlash bilan bir qatorda, akkreditatsiya natijalari xalqaro maydonda e’tirof etilishiga;
–akkreditatsiya organining Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) faoliyatida to‘la huquqli a’zosi sifatida ishtirok etishi, mazkur xalqaro tashkilotlarning “ILAC-MRA”va “IAF-MLA” qo‘p tomonlama akkreditatsiya natijalarini tan olish bitimlariga qo‘shilishiga;
–respublikada faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari (muvofiqlik sertifikatlari, sinov va kalibrlash bayonnomalari) xorijiy davlatlarda tan olinishiga zamin yaratiladi.
Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlarni bartaraf etgan holda, respublika eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga imkoniyat yaratadi.
Manba: O'zA