O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qariyb 549 million dollarlik mahsulot eksport qilindi
2021-07-05 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishda kon-metallurgiya sanoati hamda ushbu sohaning eksport salohiyati alohida ahamiyatga ega.
Ma’lumki, ushbu yo‘nalishda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining o‘rni va hissasi alohida ustuvorlik kasb etadi.
Korxonada ishlab chiqarish hajmining oshirilishi belgilangan reja va maqsadlarni bajarish hamda eksportdagi ulushini yanada oshirishga zamin bo‘lmoqda. Kombinat tomonidan 2021-yilning 1-yarim yilligida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti bo‘yicha salmoqli natijalar qayd etildi. Jumladan, 2021-yil yanvar-iyun oyida 47 ming 693 tonna mis mahsuloti eksport qilinib, reja 123 foizga bajarilgan. O‘sish sur’ati esa 99,2 foizga yetkazilgan. Bundan tashqari, 38 ming 999 tonna mis katodi importyorlarga yetkazilgani holda reja 109,9 foizga bajarilib, 86,3 foizlik o‘sish sur’ati kuzatilgan. Shuningdek, mis katankasi eksportida ham yuqori ko‘rsatkich qayd etilganini alohida ta’kidlash joiz. Yanvar-iyun holatiga 6 ming 126 tonna mis katankasi eksporti amalga oshirilgan. Belgilangan reja 360,3 foizga uddalangan holda o‘sish sur’ati 760,8 foizni tashkil etgan.
Xorijlik iste’molchilarning e’tirofini qozongan mis quvurlari eksportida ham salmoqli natijalar qayd etilgan. Xususan, o‘tgan olti oy mobaynida 2 ming 568 tonna mis quvurlari eksport qilingan. Reja 160,5 foizga bajarilib, 122,3 foizlik o‘sish sur’atiga erishilgan. Jahon bozorida talabgir mahsulot hisoblangan metall rux eksporti bo‘yicha ham reja 124,4 foizga bajarilgan. 33 ming 35 tonna metall rux eksport qilinib, 93,7 foizlik o‘sish sur’ati qayd etilgan. Shuningdek, sulfat kislotasi eksportida ham ijobiy natijalar qayd etilgan. Ushbu mahsulotdan 47 ming 778 tonnasi xorijiy hamkorlarga yuborilib, reja 391,6 foizga uddalangan. Bashorat ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘tgan davrda 300 tonna molibden xaridorlarga yetkazib berilishi kerak bo‘lib, amalda 406 tonna ushbu turdagi mahsulot eksport qilingan. Reja 135,4 foizga bajarilgan.
Shuningdek, reniy, mis kuporosi, kadmiy, volfram, palladiy kukuni kabi mahsulotlar eksportida ham belgilangan natijaga erishilgan. O‘tgan davrda 29 ming 782 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati importyorlarga yuborilib, bu yo‘nalishda o‘sish sur’ati 55,8 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan 6 oy davomida 4 ming 572 tonna portlandsement eksport qilingani holda 167,8 foiz o‘sish sur’ati kuzatilgan. 69 ming 982 tonna sement eksporti amalga oshirilib, 131,6 foizlik o‘sish sur’atiga erishilgan.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, kombinat mahsulotlari Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilingan.
Kombinatning metallurgiya xomashyosi bilan ta’minlash va sotish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning 1-yarim yilligida 548 million 999 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, reja 142 foizga bajarilgan.
Ta’kidlash joizki, kon-metallurgiya sanoatini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va uning barqaror ishlashini ta’minlash, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral boyliklarni o‘zlashtirish ishlarining samarali yo‘lga qo‘yilgani sohada bu kabi natijalarga erishishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Manba: O'zA