O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Muhim tashabbus va imtiyozlar Uchinchi Renessans bunyodkorlarini tarbiyalashga xizmat qiladi
2021-07-05 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-iyun — Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi barcha tashkilot va idoralar, muassasalar, jamoalarda keng o‘rganilib, undan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olinmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasining qo‘shma majlisi ham ana shu masalaga bag‘ishlandi. Unda Prezidentimiz ma’ruzasidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov ma’ruza qilib, davlatimiz rahbarining forumdagi nutqida yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning bandligini ta’minlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, kasb-hunarga o‘rgatish, bilimi va ma’naviyatini yuksaltirish borasida qator tashabbuslar ilgari surilganini ta’kidladi.
— Ma’lumki, Prezidentimizning yoshlarga oid siyosatida ikkita eng muhim yo‘nalish bor: birinchisi – ularga zamonaviy bilim berish, ikkinchisi – yoshlar bandligini ta’minlash. Keyingi yillardagi islohotlar, tashabbus va yangi tizimlar zamirida ana shu maqsad mujassam.
Forumda iqtidorli, lekin oliygohda kontrakt asosida o‘qish imkoniyati bo‘lmagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi, yangi o‘quv yilidan boshlab talabalarning ta’lim krediti muddati uzaytirilib, foiz stavkalari keskin pasaytirilishi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga oliy ta’lim muassasasida o‘qishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etilayotgani qayd etildi.
E’tirof etish kerakki, bu chora-tadbirlar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollarini quvontiradi. Chunki bu imtiyozlar partiyamizning dasturiy g‘oyalari bilan uyg‘un. Qolaversa, yoshlarni Uchinchi Renessans bunyodkori sifatida tarbiyalashga da’vat etadi, — dedi fraksiya rahbari o‘z nutqida.
Yig‘ilishda yoshlar muammolarini hal etish borasida belgilab berilgan vazifalar, ular ijrosini ta’minlashda siyosiy partiyalar, xususan, Xalq demokratik partiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Jumladan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi, Yoshlar parlamenti a’zolari davlatimiz rahbarining ma’ruzasida ilgari surilgan topshiriq va vazifalardan kelib chiqqan holda kelgusidagi muhim vazifalar xususida o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Manba: O'zA