O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda hudud va tarmoqlarni raqamli o‘zgartirish bo‘yicha 1627 ta loyiha amalga oshiriladi
2021-06-30 | Siyosat
Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha MDH ekspertlari forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.
Axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan tadbir gibrid formatda o‘tkazilib, unda Hamdo‘stlik mamlakatlarining 60 dan ziyod yetakchi ekspertlari va tahliliy markazlarining vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda axborot xavfsizligi sohasidagi so‘nggi tendensiyalar, noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishning samarali usullari, kiberhujumlarga qarshi profilaktik choralar muhokama qilindi. Kelgusi uch yil davomida O‘zbekistonda hudud va tarmoqlarni raqamli o‘zgartirish bo‘yicha 1627 ta loyiha amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, tezkor raqamlashtirish sharoitida axborot xavfsizligi, moliya, kredit va bank sohalarida kiberjinoyatlar soni ko‘payib bormoqda. Bu davlatlarning iqtisodiy xavfsizligiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Firibgarliklar natijasida shaxsga oid ma’lumotlarni noqonuniy yig‘ish va ulardan foydalanish orqali inson huquq va erkinliklarining asosiy tamoyillari, shu jumladan, shaxsiy hayoti daxlsizligi buzilmoqda.
MDHga a’zo davlatlar milliy darajada axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
“Jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro aloqalari to‘g‘risidagi bitim”, “Axborot xavfsizligini ta’minlash strategiyasi”, “Axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida MDHga a’zo davlatlarning hamkorligi to‘g‘risida”gi davlatlararo hamkorlikning maqsadlari va tamoyillarini belgilaydigan qator tarmoq hujjatlari qabul qilindi.
– Axborot xavfsizligi va AKT sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurash, raqamli iqtisodiyot va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha xorijliklar bilan hamkorlikni davom ettirish asosiy yo‘nalishimiz bo‘lib qolmoqda. Kibertahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga olib kelishga harakat qilyapmiz, – dedi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbari Temur Ahmedov.
Ta’kidlandiki, 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda. Hujjatga muvofiq, telekommunikatsiya, kommunal xizmatlar, iqtisodiyotning real sektori, sog‘liqni saqlash, davlat kadastri va boshqalarga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq uzoq muddatli masalalar hal qilinmoqda.
2020-2022 yillarda butun mamlakat bo‘ylab aholi punktlarini internet bilan qamrab olish darajasini oshirish, xususan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 million donaga yetkazish, 20 ming kilometr optik-tolali kabellarni yotqizish rejalashtirilgan.
– Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. MDH davlatlari doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘zaro hamkorligimiz ifodasidir. Axborot xavfsizligini to‘g‘ri isloh qilishda bitta davlatning sa’y-harakatlari yetmaydi.
Shu bois, xorijiy mutaxassislar tajribasi muhim rol o‘ynaydi. bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,2 foizni tashkil etmoqda. Raqamli iqtisodiyotning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2023-yilga qadar ikki barobarga, elektron hukumat xizmatlari ulushini esa 2022-yilga kelib 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan, – dedi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i G‘olibsher Ziyayev.
Ishtirokchilar Hamdo‘stlik davlatlari hukumatlari uchun innovatsion rivojlanish strategiyasini, shu jumladan, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, raqamli iqtisodiyot, shuningdek, ushbu sohada ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha amaliy takliflarni o‘z ichiga olgan yakuniy hujjatni qabul qildilar.
Manba: O'zA