Toshkentda Turkiya Respublikasi bilan Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 28-iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyatiga start beruvchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Turkiya Respublikasi vise-prezidenti F.Oktay raisligida bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yetakchi turk kompaniyalari, shuningdek, respublikaning vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv chog‘ida oliy darajadagi tashriflar bilan almashish natijasida so‘nggi 4 yil mobaynida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida hamkorlik strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani va hozirda yuqori dinamika bilan rivojlanayotgani ta'kidlandi.
Hukumat darajasida ham, xususiy sektor o‘rtasida ham tezkor aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi. Shunday qilib, o‘tgan to‘rt yil davomida O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘payib, bugungi kunda u 1700 dan ortiqni tashkil etmoqda. Bu esa Turkiyaga joriy yilning yanvar'-may oylarida ochilgan yangi qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha xorijiy davlatlar orasida yetakchi o‘rinni egallash imkonini berdi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishida ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Davlat rahbari va Hukumati tomonidan iqtisodiyotning bozor tamoyillarini barqaror rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Qulay geografik joylashuvi, boy resurs bazasi, sig‘imli ichki va tashqi bozorlar bilan birgalikda bu O‘zbekistonni mintaqada investitsiyalar kiritish uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat delegasiyalari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiyotining raqobat ustunliklari va bir-birini to‘ldirishi asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligini ta'kidladilar. Ular turk biznesi vakillarini yangi keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari salohiyatidan faol foydalanishga, o‘zbek tadbirkorlari bilan biznes aloqalarini mustahkamlashga chaqirdi.
Tadbir davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydigan yuqori texnologik tarmoqlarni yaratishga ham o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan turk tadbirkorlari O‘zbekistonda biznes yuritish tajribasi, kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, mavjud masalalarni tilga oldilar.
Uchrashuv yakunida soliq va bojxona faoliyatini tartibga solish sohasidagi investitsiyaviy muhit va qonunchilikni yanada takomillashtirish orqali O‘zbekistonda turk biznesining investitsiyaviy faolligini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini ilgari surish va turk investorlarining O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash platformasi sifatida yaratilgan. Uning raisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovdir.
Kengashning asosiy vazifalari turk tadbirkorlari va investorlari hamda O‘zbekiston davlat organlari o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatish, investitsiyaviy takliflarni muhokama qilish, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llarini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek, mamlakatda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat. Kengash yig‘ilishlari har chorakda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi