O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarni birlashtirgan loyiha
2021-06-29 | Yoshlar
30 iyun – Yoshlar kuni
Poytaxtimizda “Yoshlar oyligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Shavkat Zayniddinov iyun oyi davomida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan keng qamrovdagi festival, tanlov, ochiq muloqot, sport musobaqalari va madaniy dasturlar xususida so‘z yuritdi.
Shu muddat ichida 30 dan ortiq kreativ loyihalar o‘tkazildi. Jumladan, “Bo‘zatov Respublika yoshlar ovozi” festivali, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar media oromgohi”, “Bag‘rikeng O‘zbekiston – umumiy uyimiz” millatlararo do‘stlik festivali, “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovining respublika bosqichi, “Talabalar festivali – 2021” loyihasi hamda “Eng namunali maktab sardorlari Kengashi” tanlovining respublika bosqichi, “Munozara” intellektual turnirining respublika bosqichi, “Yoshlar – O‘zbekistonning bebaho xazinasi” festivali kabi yirik loyihalarda yoshlar faol ishtirok etdi. Bu kabi tadbirlar ko‘plab yigit-qizlarni bir maqsad – yurt tinchligi va jamiyat ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish yo‘lida birlashtirdi.
Shuningdek, “Yoshlar oyligi” yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yirik tadbirlardan poytaxtimizning “JAR” sport majmuasida tashkil etiladigan “Sport Fest – 2021”musobaqalari va O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumiga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu loyihalarning yoshlar orasida ommalashishida matbuot va OAV xodimlarining o‘rni bor.
Shu bois yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilish, “Yoshlar oyligi” doirasidagi tadbirlarni yoritishda ko‘rsatgan hamkorligi uchun bir guruh OAV xodimlari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Manba: O'zA