O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mis sanoati klasteri tashkil etiladi
2021-06-28 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Oxirgi 5 yilda mamlakatimizda mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 baravar oshib, 2020-yilda 148 ming tonnaga yetgan. Lekin undan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash ishlari yetarli emas. Xususan, misning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinmoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030-yilga borib dunyoda misga bo‘lgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda.
Misdan keladigan daromad bugungi kunda 2,5 milliard dollarni tashkil etayotir. Kelgusi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnagacha yetkazish orqali, bu ko‘rsatkichni turdosh tarmoqlar bilan birga 7-8 milliard dollarga yetkazish mumkin.
Shu maqsadda, 24-iyun kuni “Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, Mis sanoati klasteri tashkil etilishi belgilandi va Bosh vazir rahbarligida Maxsus komissiya tuzildi.
Yig‘ilishda ushbu strategik vazifani amalga oshirish choralari ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalo, rangli va noyob metallar uchun geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Sohada loyiha va muhandislik xizmatlarini rivojlantirish uchun yetakchi xalqaro kompaniyalarni jalb etgan holda, zamonaviy loyiha institutini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Yurtimizda tog‘-kon uskunalari va jihozlarini ishlab chiqarishni hamda ularga servisni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Kombinatlarda avtotransport, raqamlashtirish kabi alohida faoliyat turlari xususiy sektorga kooperatsiya va autsorsing asosida beriladi.
Noyob metallar va qotishmalar birlashmasida metall qotishmalar tayyorlash, “O‘zeltexsanoat” korxonalarida maishiy texnika, kompyuter, akkumulyator batareyalar, elektromobillarning butlovchi qismlari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligiga soha korxonalarining faoliyatini ilmiy-tadqiqot va amaliy innovatsiya ishlari bilan uzviy bog‘liqlikda rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirildi. Klasterning har bir bo‘g‘ini uchun oliy ma’lumotli muxandis-texnolog hamda ishchi mutaxassislarni tayyorlash, shu maqsadda yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi aytildi.
Malakali mutaxassislarni jamlab, mis sanoati klasterini tashkil etish bo‘yicha chet el tajribasini chuqur o‘rganish, xalqaro kompaniyani jalb qilgan holda, geologiya va kon-metallurgiya sohasini rivojlantirishda strategik yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti