Navoiy viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi
26-iyun kuni Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 8 yo‘nalishlarida jumladan, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi va agrosanoat sohasini rivojlantirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, raqamlashtirish, axborot-kommunikasiya sohasini rivojlantirish va innovasiyalarni joriy etish, turizmni rivojlantirish, mehnat bozori va mehnat migratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar va birinchi darajali ishlar belgilandi.
Tegishli kichik guruhlar rahbarlari viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb muammolar haqida ma'lumot berib, ularni hal etish borasidagi keyingi qadamlar haqida so‘zlab berdi.
Navoiy viloyatining tuman, shahar va barcha 307 mahallalari kesimida rivojlanishning bugungi holati tahlili natijalari ko‘rib chiqildi. Mahallalarga biriktirilgan mas'ul rahbarlarga aniqlangan muammolarni atroflicha o‘rganish va ularni hal etish choralarini ko‘rish topshirilmoqda.
Navoiy viloyatining 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi ijrosining borishi o‘rganildi. Dastur jami 22,3 trln so‘mlik 883 ta loyihani o‘z ichiga oladi va ularning amalga oshirilishi natijasida 15,6 mingdan ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bir qator muammoli masalalar ko‘tarildi va har tomonlama ishlab chiqildi. Ijrosi yuzasidan idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari aniqlangan muammolarni imkon qadar tezroq bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar oldilar. Shuningdek, ishlab chiqarishdagi qiymat zanjirlarini ko‘paytirish va kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalardan foydalanish samaradorligini oshirishga e'tibor qaratildi hamda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi.
Yirik sanoat korxonalarining mahalliylashtirish dasturini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududiy import tarkibini batafsil tahlil qilish va natijalar asosida viloyatda sanoat ishlab chiqarishini oshirishga doir takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu nuqtai nazardan viloyatda ishlab chiqarish ob'ektlarini qurish va ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan import materiallari va uskunalarini mahalliylashtirishni imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida hududda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini o‘rganish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Zarur hollarda mamlakatimizning boshqa hududlaridan sanoat quvvatlarini jalb qilgan holda mahalliy korxonalar uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida hududlararo sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.
Alohida tartibda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va manzilli ro‘yxatlarga kiritilgan shaxslarning bandligini ta'minlash orqali aholi farovonligini oshirish chora-tadbirlari muhokama etildi (“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”).
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga muddatlari va kutilayotgan natijalar aniq ko‘rsatilgan holda tegishli tadbirlar rejalarini ishlab chiqish topshirildi.
Hududni kompleks rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida ishchi guruh viloyatda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi