O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi
25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati Raisi R.Axmadzodani qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali o‘zbek-tojik hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilib, qishloq xo‘jaligi sohasida hududlararo munosabatlar va hamkorlik yo‘nalishlariga alohida e'tibor qaratdilar.
Qayd etilishicha, joriy yilning iyun' oyida Tojikistonga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston viloyatlari ma'muriyatlari o‘rtasida umumiy qiymati qariyb 100 million dollarlik 30 qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi va 300 million dollardan ortiq qiymatdagi 250 dan ortiq savdo shartnomalari imzolandi.
Tomonlar ikki davlat hududlari o‘rtasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga tayyorligini hamda kelishilgan loyihalarni amalga oshirish va ilgari surish borasida faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.
Agrosanoat sohasida investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi - aniq investitsiya takliflari ko‘rib chiqildi, ular ustida ishlash va amalga oshirish bo‘yicha keyingi sa'y-harakatlar rejalashtirildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘zaro yetkazib berishning muhim salohiyati qayd etildi. Meva-sabzavotlarning elita navlarini yetishtirishga mo‘ljallangan tomchilatib sug‘orish tizimiga ega zamonaviy issiqxonalar va intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar alohida ta'kidlandi.
Muloqot chog‘ida Tojikiston delegasiyasi rahbari Tojikistonda klaster yondashuvi asosida to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini joriy etishga qiziqish yuqoriligini qayd etdi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ob'ektlarini yaratishni nazarda tutgan holda yetakchi o‘zbek to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishga tayyorlik bildirildi.
Ipakchilik va charm-poyabzal sohalaridagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar yaqin kelajakda O‘zbekistonning Toshkent viloyati tadbirkorlari ishtirokida Tojikistonning Sug‘d viloyatida ipakni qayta ishlash zavodlarini tashkil etish va charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflarni shakllantirishga kelishib oldilar.
Urug‘chilik, paxtachilik, chorvachilik, uzumchilik va boshqa sohalardagi ilmiy ishlanmalarni o‘zaro almashish va joriy etish maqsadida O‘zbekiston va Tojikiston qishloq xo‘jaligi ta'lim va ilmiy muassasalari o‘rtasida bevosita o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni bayon etdilar. Yaqin vaqtlarda yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, kelishilgani bilan ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi