O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston TTDHK bilan samarali va ko‘p qirrali hamkorlik qilishni mo‘ljallamoqda

2021-06-28 | Iqtisodiyot

25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Bosh kotibi B.Amreev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar ikki taraflama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha munosabatlarni yanada kuchaytirish borasidagi qadamlarni muhokama qildilar.
 
TTDHK Kotibiyatining O‘zbekiston tashabbuslarining amaliy ijrosini ta'minlashda salmoqli hissasi va mushtarak manfaatli vazifalarni hal etishdagi konstruktiv yondashuvi alohida ta'kidlandi.
 
TTDHK faoliyatini yanada mustahkamlash maqsadida amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston tomoni “Turk dunyosi istiqbollarining ko‘rinishi – 2040” va “Turkiston Kengashining 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” kabi bir qator konseptual hujjatlarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirishda faol ishtirok etadi.
 
Tomonlar Qo‘qon shahrida Turkiy Kengash mamlakatlarining turizm masalalari vazirlarining uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini qayd etdilar. Uchrashuv natijalaridan biri O‘zbekistonning “Zamonaviy Ipak yo‘li” dasturiga qo‘shilgani bo‘ldi.
 
Ma'lumot uchun: “Zamonaviy Ipak Yo‘li” loyihasi 2018-yilda Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar turizm masalalari vazirlarining Ostonadagi yig‘ilishida tashkil topgan. Loyihaning asosiy maqsadi barcha TTDHK mamlakatlarini qamrab oladigan qo‘shma turistik xizmatlarini rivojlantirish va ilgari surishga mo‘ljallangan platforma yaratishdir.
 
TTDHK bilan investisiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan vazifalariga TTDHKga a'zo mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirish kiradigan Qo‘shma investisiya va integratsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
 
Shuningdek, tomonlar TTDHK mamlakatlari hududlaridan o‘tuvchi transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va transport-logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda transport va tranzit sohasidagi hamkorlik qilish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar.
 
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yoshlar va sport ishlari masalalari vazirlari, Qishloq xo‘jaligi vazirlarining yig‘ilishi, Yosh tadbirkorlar forumi va Turkiy Agroforum kabi qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishda keyingi qadamlar belgilandi.
 
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar erishilgan kelishuvlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni rejalashtirib oldilar, shuningdek, O‘zbekiston va TTDHK o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
 
Ma'lumot uchun: TTDHK bir qator turkiy mamlakatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilotdir. Tashkilot 2009-yil 3-oktabrda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxichevan bitimi asosida tashkil etilgan. Tashkilotning Bosh kotibiyati Istanbul shahri (Turkiya)da joylashgan. O‘zbekiston TTDHKga 2019-yil 14-sentabrda a'zo bo‘ldi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться