O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda “Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) doirasida O‘zbekiston va YeI o‘zaro hamkorligi” seminari bo‘lib o‘tdi

2021-06-25 | Iqtisodiyot

24-iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan birgalikda “Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) doirasida O‘zbekiston va YeI o‘zaro hamkorligi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminar mahalliy tadbirkorlar va eksportchilarning “GSP+” tizimi imtiyozlarining afzalliklari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tovarlarni eksport qilishda ularni samarali qo‘llash mexanizmlari haqida xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
 
Tadbir “gibrid” shaklda o‘tkazildi: vazirlik va idoralar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, mahalliy eksportchilari bevosita, Yevropa komissiyasi ekspertlari esa videokonferensiya orqali ishtirok etdilar.
 
Ma'lumki, 2021-yilning 10-aprelida O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining (EI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus imtiyozlar tizimi (“GSP+”) kuchga kirdi. Mamlakatimiz ushbu tizimga Preferensiyalar bosh tizimi doirasida benefisiar mamlakat sifatida qabul qilingan edi.
 
Hozirgi kunda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga geografik jihatdan nisbatan yaqinligiga qaramay, o‘zaro savdo salohiyati to‘liq ishga solinmagan bo‘lib qolmoqda.
 
“GSP+” tizimi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida savdo hajmini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni taklif etadi. Jumladan, 6 200 turdagi mahsulotlarni, xususan, mato, kiyim-kechak, plastmassa, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, sopol mahsulotlari va boshqa eksport qilinadigan mahsulotlar turlarini yetkazib berishda o‘zbek eksportchilari uchun bojlar bekor qilinadi.
 
Shu o‘rinda O‘zbekistonning “GSP+” tizimi benefisiari maqomiga ega bo‘lishi YeI bilan savdo qilish borasidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Yevropa mamlakatlari bozorlariga chiqishiga ko‘maklashishda muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, bu inqirozdan keyingi davrda iqtisodiy faollikni tiklash jarayonida O‘zbekiston uchun ayniqsa muhim bo‘lgan tadbirkorlikni rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb etishga sezilarli turtki beradi.
 
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya shaklida ishtirok etdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonga “GSP+” benefisiar maqomi berilishi O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlarini diversifikasiya qilish va rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shishini, berilgan imtiyozlar O‘zbekistonning barqaror o‘sishi va iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashda samarali vosita bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladi.
 
Hukumat tomonidan “GSP+” tizimi imtiyozlaridan samarali foydalanishni ta'minlash va uning benefisiar maqomini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi bildirildi. Reja xalqaro konvensiyalarni samarali joriy etish va xalqaro tashkilotlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti qo‘mitalari oldida majburiyatlarining bajarilishini, Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikda majburiyatlar ijrosining monitoringi olib borilishini, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida eksport salohiyatini oshirish hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Ushbu choralar qatoriga, shuningdek, mahsulot sifati Yevropa Ittifoqi talablariga javob berishi uchun ishlab chiqarish jarayonlariga Yevropa standartlari va qoidalarini joriy etish, Yevropa bozoriga o‘zbek mahsulotlarini olib chiqish marketing vositalarini ishlab chiqish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yangi sanoat quvvatlarini yaratishga Yevropa investorlarini jalb qilish chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
 
Shuningdek, yalpi majlisda Yevropa komissiyasining Ijrochi vise-raisi va Yevropa Ittifoqi savdo komissari V.Dombrovskis videokonferensiya orqali murojaat qildi va O‘zbekistonning benefisiar maqomini olishi o‘zbek korxonalari va ishlab chiqaruvchilariga raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish, korxonalarni diversifikasiya qilish hamda qo‘shilgan qiymatni oshirishga investitsiyalar kiritish uchun kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi va natijada daromadning sezilarli o‘sishiga olib kelishini ta'kidladi.
 
“GSP” tizimining standart preferensiyalari qo‘llanilganda YeIga olib kirilayotgan o‘zbek tovarlarining umumiy qiymati 108 million yevroni tashkil etgan edi. Bunda, import qiluvchilar pasaytirilgan tariflardan foydalanib, qariyb 2,5 million yevro tejashgan edi. “GSP+” preferensiyalari qo‘llanilganda bu ko‘rsatkich qariyb uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkin edi, deb ta'kidladi u o‘z chiqishida.
 
Tadbirni o‘tkazishda amaliy yondashuvdan foydalanildi-ishtirokchilarga “GSP+” tizimining Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishi va “GSP+” benefisiar maqomi qanday iqtisodiy afzalliklarga ega ekanligi haqida aniq holatlar misolida taqdimotlar shaklida ma'lumot berildi. Rioya qilinishi eksportchilarga tizimning afzalliklaridan to‘liq foydalanish imkonini beruvchi amaldagi “GSP+” qoidalari haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi.
 
Seminar iqtisodiyotning turli sohalaridan kelgan keng doiradagi ma'ruzachilar va ishtirokchilar uchun platforma bo‘lib xizmat qildi va Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistondan manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqot va gorizontal axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga asos bo‘lib xizmat qildi.
 
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘nalishlari va mehnat standartlari sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
 
Seminar yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar tomonidan “GSP+” preferensiyalarini qo‘llashdagi dolzarb masalalar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulotlar eksport qilishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться