O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Umid» markazi ochildi
2021-06-24 | Siyosat
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning Janubiy Koreyaga tashrifi davomida Kvanju shahrida O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Umid» markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Koreya Respublikasining qator rasmiy idoralari vakillari, jumladan, «Janubiy Koreya-O‘zbekiston» biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi, «Rotary» xalqaro tashkilotining 3710-okrugi gubernatori, Kvanju universiteti rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Kvanju shahrida 4 ming 500 nafardan ziyod o‘zbekistonlik vatandosh turli sohalarda faoliyat olib boradi. Yangi tashkil etilgan «Umid» markazining asosiy vazifasi esa turli sharoitlar sababli qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga yaqindan ko‘mak ko‘rsatishdan iborat.
Bundan tashqari, markazning yangi ta’mirdan chiqqan 4 xonali turar-joyi vatandoshlarimiz uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini ham o‘taydi.
Markaz O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan zamonaviy texnika vositalari, mebel va kerakli uskunalar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi