Moskva shahrida bo‘lib turishi vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi N.Podguzov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida Bank resurslarini O‘zbekistonda investitsiyaviy faoliyatni kuchaytirishga jalb etish maqsadida u bilan hamkorlikni kengaytirishga oid joriy masalalar va istiqbollar muhokama qilindi.
Tomonlar Bank tarafidan moliyalashtirish uchun eng istiqbolli investitsiya loyihalarini o‘rganishga va tegishli tayyorgarlik ishlarini birgalikda olib borishga kelishib oldilar. Shuningdek, gidroenergetika, infratuzilmaviy qurilish va transport sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni amalga oshirishda YeOTB ishtirokining istiqbollari muhokama qilindi.
Bu yo‘nalishlarda amaliy ishlarni tashkil etish uchun tomonlar joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda YeOTB vakolatxonasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqadilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi