O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar
2021-06-23 | Siyosat
23-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Joriy yilning 10-11-iyun kunlari Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Savdo, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini qabul qilingan «yo‘l xarita»lariga muvofiq ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda qaror topayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash uchun yaqin muloqot va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, bo‘lajak ko‘p tomonlama, shu jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti