O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xomashyo yetishtirishdan – eksportgacha
2021-06-23 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizda ipak tolasini qayta ishlash va uni eksport qilish, tarmoqdan keladigan daromadni yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ipakni qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi-yangi quvvatlar ishga tushirilayotir. O‘tgan yili ana shunday yirik loyihalardan biri Shahrisabz tumanida ro‘yobga chiqarildi.
Loyiha doirasida “Shakhrisabz silk production” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Shahrisabz tumanining Yangiqishloq mahallasida umumiy qiymati 62 milliard so‘mni tashkil etadigan yirik pillachilik klasteri barpo etildi.
10 milliard so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i hamda 52 milliard so‘mlik bank krediti hisobiga shakllantirilgan sarmoya evaziga bu yerda ipakni qayta ishlashga mo‘ljallangan yirik majmua qurilib, xomashyoni saralash va bir necha bosqichda qayta ishlash imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi.
Ayni paytda korxona to‘liq klaster tizimida ish yuritmoqda. Xomashyo yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar jamiyatning o‘zida amalga oshiriladi.
Hozirgi kunda jamiyat tasarrufidagi xomashyo yetishtirish va ishlab chiqarish tarmoqlarida umumiy hisobda 170 dan ortiq kishi ish bilan band. Kelgusida boshqa quvvatlar ham ishga tushirilgach, 400 kishi doimiy, 850 kishi esa mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Manba: O'zA