O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“E-qaror” elektron tizimi bo‘yicha aloqa markazi — “Call center” ishga tushdi
2021-06-23 | Jamiyat
Qaror va ijro. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori” asosida “E-qaror” elektron tizimi yaratildi.
Bu mahalliy ijro etuvchi organlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimidir.
Adliya vazirligi mansabdorlarning tizim orqali qaror qabul qilishini yo‘lga qo‘yishda samarali ish olib bordi. Vazirlik ishchi guruhi viloyatlarda qator amaliy ishlarni bajarish bilan birga tashkilotlarning soha bo‘yicha tegishli mas’ullari ishtirokida seminarlar o‘tkazdi.
Endilikda tizimga kirayotgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda e’lon qilish jarayoni doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining “E-qaror” elektron tizimidan samarali foydalanishlarini ta’minlash, shuningdek, undan foydalanish masalasiga metodik rahbarlik ham vazirlik zimmasida.
Ayni paytda hokimlar “E-qaror” elektron tizimi orqali qaror qabul qilmoqda. Muhimi, bu shaffof tizimda noqonuniy qaror qabul qilish imkonsiz.
Yangi onlayn dasturning ustunlik tomoni — chiqarilayotgan qarorni “E-qaror” tizimi orqali keng jamoatchilik bemalol onlayn kuzatib borishi mumkin.
“E-qaror” elektron tizimining barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarida joriy etilishi ularning faoliyati va ish yurituvi shaffoflashishiga xizmat qilmoqda. Bu fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol bo‘lishi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun asossiz xarajatlarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan normalar o‘rnatilishining oldini oladi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etiladi.
Shu kunlarda “E-qaror” elektron tizimi bo‘yicha aloqa markazi (Call center) ishga tushdi.
Tizim bilan bog‘liq kamchiliklar bo‘yicha bemalol ushbu markazning 71 202 22 02 (ichki raqam -1) raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berish mumkin.
Manba: O'zA