O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Men parlamentda yoshlarni qo‘llayman”

2021-06-22 | Siyosat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Men parlamentda yoshlarni qo‘llayman” mavzusida Yoshlar parlamentlari forumi tashkil etildi. Unda Parlamentlararo Ittifoqning Bosh Kotibi Martin Chungong, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov, Qonunchilik palatasi Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda Yoshlar parlamentlari a’zolari ishtirok etdi.

Yurtimizda yoshlar masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugun yoshlarning davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasidagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tashkil etilgani, Yoshlar parlamenti faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yigit-qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini ta’minlash va bu jarayonga qiziqishlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Forumda yoshlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida, jumladan, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda erishilgan natijalar, yoshlarning davlat boshqaruvi va parlamentdagi ishtiroki masalalari keng muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasining raisi o‘rinbosari Akmal Saidov mamlakatimizda yoshlar masalalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning yoshlarga oid xalqaro darajadagi tashabbuslari haqida batafsil to‘xtaldi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan o‘rin olgan “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” degan fikrlari yer yuzidagi har bir mamlakat uchun birdek ahamiyatli ekanligini ta’kidladi. 

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlarga qaratilayotgan mazmundor islohotlar o‘z natijalarini ko‘rsatayotgani, yoshlar huquqlarini ta’minlashda O‘zbekistonning xalqaro minbarlardan bildirayotgan tashabbuslari alohida e’tibor bilan qabul qilinayotganini qayd etdi.

Parlamentlararo ittifoqning Bosh Kotibi Martin Chungong janoblari ham yoshlarning huquqlarini himoya qilishda bu kabi siyosiy va madaniy-gumanitar tashabbuslarni rivojlantirish va chuqurlashtirish zarurligini alohida e’tirof etdi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Parlamentlararo ittifoq – turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramog‘ida bo‘lmagan) tashkilotlardan biri hisoblanib, 1889-yilda tuzilgan. Uning asosiy vazifalari parlamentlar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirishdan iborat. Parlamentlararo ittifoq faoliyatida 170 dan ortiq davlatning parlament guruhlari qatnashadi. Parlamentlararo ittifoq kotibiyatining qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan.

Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi, Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi a’zosi Abdulla Aslanov ma’ruza qildi:

– Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga zamin bo‘lmoqda, – dedi Abdulla Aslanov. – Bugun yoshlarning rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi qonun ijodkorligi jarayonida ishtiroki, tashabbuslari muhim ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, keng miqyosli islohotlar alohida e’tiborga molik. Bu kabi g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan shart-sharoitlar yoshlarni yangidan-yangi g‘oya va tashabbuslar sari undaydi.

Shuningdek, forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari a’zolari ham so‘zga chiqib, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda, ularga taalluqli qarorlarni qabul qilishda yoshlar parlamentining o‘rni alohida ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtalib o‘tdilar.

Yoshlar parlamenti a’zolarining qonunchilik jarayoni, parlament faoliyati, yoshlar bilan ishlashda to‘plangan mahalliy tajriba va loyihalari forumda keng muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida Yoshlar parlamentlari a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi, o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdilar.

Tadbir yakunida kelgusi rejalar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazildi hamda kelishuv asosida shu kabi formatda muhokamalarni doimiy ravishda o‘tkazishga kelishib olindi.

– bugungi yoshlar forumi biz uchun har jihatdan foydali hamda qiziqarli bo‘ldi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi Samandar Ismoilov.

Uchrashuvda aytib o‘tildiki, butun dunyo aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etmoqda, shundan 2,1 foizi dunyo parlamentlarida deputat sifatida faoliyat yuritmoqda. Parlamentlararo Ittifoqning Bosh Kotibi Martin Chungongning aytishicha, bu ko‘rsatkich kam. Ammo O‘zbekiston parlamentida yoshlaring ulushi 6 foiz va bu global ko‘rsatkichdan 3 barobar ko‘p. Shu jihatdan O‘zbekistonda yoshlarga oid islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar jahon davlatlariga namuna bo‘lishi e’tirof etildi.

Shuningdek, uchrashuvda Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan qator takliflar bildirildi. Xususan, endilikda jahon Yoshlar parlamentlari global sammitini tashkil etish haqidagi taklifimiz Parlamentlararo Ittifoqning Bosh Kotibi tomonidan ma’qullandi va ittifoq doirasida tashkil etishga rozilik bildirildi.

Bu kabi uchrashuv va forumlar biz, yoshlarning g‘oya va tashabbuslarimizni ro‘yobga chiqarishda, qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligimizni oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Manba: O'zA

Поделиться