O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijlik sarmoyadorlar Nurafshon shahrida atir-upa va pardoz-andoz mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi
2021-06-22 | Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi ko‘magida Niderlandiyaning «Agroo Food Nl LTD» kompaniyasi direktori Toyerijalai Ahmadi, Turkiyaning «Oivaa LTD» korxonasi direktori Abdul Kader va Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliyev ishtirokida muzokaralar tashkil etildi
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Nurafshon shahrida xorijiy texnologiyalar asosida mahalliy va xorijiy bozorlar uchun parfyumeriya hamda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Shahar hokimi Muzaffar Soliyev xorijiy sarmoyadorlarga tumandagi mavjud resurslar, ishlab chiqarish salohiyati, tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Hududda yaratilgan qulay investitsiya muhiti bois bugungi kunda Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Eron, Xitoy va boshqa davlatlardan kelgan sarmoyadorlar ishlab chiqarishning turli tarmoqlariga investitsiya kiritgani va ular muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.
«Oivaa LTD» kompaniyasi direktori Abdul Kader yaqin vaqt davomida o‘zining investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishni boshlashini maʼlum qildi.
Investorning fikr bildirishicha, loyihani amalga oshirish uchun qulay infrastrukturaga ega bo‘lgan 0,5 gektar yer maydoni lozim bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 1 million AQSH dollardan 5 million dollargacha bo‘lishi mumkin. Korxona ishga tushirilishi natijasida 20 nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Korxona Fransiya va Turkiya davlatlaridan olib kelinadigan texnologiyalar bilan jihozlanadi.
«Oivaa LTD» kompaniyasi rahbari bilan kechgan suhbat natijasi o‘laroq, investorni hudduddagi bo‘sh joylar bilan tanishtirish va loyihani yaqin kunlarda amalga oshirishni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
«Agroo Food NL LTD» kompaniyasi rahbari Toyerijalai Ahmadi mamlakatimizda, xususan, Nurafshon shahrida ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlarning xorijga eksport hajmini kengaytirishga ko‘maklashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Sarmoyador shu maqsadda O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi ko‘magida Amsterdamda «O‘zbekiston savdo uyi»ni ochish ishlari yakunlanganini va uning rasmiy ochilishi marosimi O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tishini maʼlum qildi.
«Yevropaning yirik shaharlaridan birida o‘zbek savdo uyining bo‘lishi xorijiy hamkorlarda milliy mahsulotlarga bo‘lgan ishonchning ortishi va eksport hajmining kengayishiga xizmat qiladi», dedi Toyerijalai Ahmadi.
Tomonlar O‘zbekistonning brend mahsulotlari namunalarini Amsterdamda ochiladigan «O‘zbekiston savdo uyi»ga joylashtirish va xorijiy eksportchilar bilan shartnoma tuzish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi