O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi
Joriy yilning 22-iyun kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin raisligida o‘tgan yig‘ilishda Davlatlarimiz rahbarlarining sa'y-harakatlari bilan O‘zbekiston - Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari aniq amaliy mazmun bilan boyigani alohida ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi izchil ta'minlanmoqda. Vazirlik va idoralar faol muloqot olib borishmoqda, turli darajadagi tashriflar tashkil qilinmoqda, hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari belgilanmoqda.
Ushbu barcha faol aloqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga bo‘lajak davlat tashrifining kun tartibi mazmunini boyitishga xizmat qilmoqda.
Hukumat rahbarlarining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Pandemiyaga qaramay, yil boshidan o‘zaro savdo sur'atlarining o‘sishi ta'minlangan. Joriy yilning o‘tgan davrida tovar aylanmasi hajmi 15 foizga oshdi.
Ikki mamlakat Prezidentlari tomonidan hukumat rahbarlari zimmasiga yaqin davrda tovar aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Ikki tomonlama savdo hajmining barqaror o‘sishi ta'minlansa, ushbu natijaga erishish mumkin.
Rossiya O‘zbekistonning yirik sarmoyadorlaridan biridir.
Rossiya kompaniya va banklari mablag‘lari O‘zbekistonning asosiy tarmoqlari – neft va gaz, kon metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga yo‘naltirilgan.
O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 2 mingdan ziyod korxonalar faoliyat olib bormoqda.
Yig‘ilishda shuningdek, transport, ta'lim, tibbiyot, tashqi mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunlari yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatlar imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining Matbuot xizmati