O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov Prezidentning yangi qarori bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi: Madaniy meros agentligi faoliyati muhokama qilindi
2021-06-22 | Siyosat
21-iyun kuni Madaniy meros agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Madaniy meros agentligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari hamda Ilmiy-ekspert kengashining aʼzolari bilan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbirda OAV vakillari ham ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov madaniy merosni asrash bo‘yicha yuzaga kelayotgan dolzarb muammolarga alohida to‘xtalib, masalani hal qilishga oid ko‘rsatmalar berdi. Uning taʼkidlashicha, Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 65 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi taqdiqlangan. Shu bilan birga, Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniy meros boshqarmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 145 nafar etib belgilangan.
Aziz Abduhakimovning taʼkidlashicha, yangi qaror bilan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi.
“Madaniy meros agentligi moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi. O‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. Qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish hamda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, arxeologiya tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, muvofiqlashtirish, nazorat qilish, arxeologiya tadqiqoti uchun ruxsatnoma berish, ilmiy hisobotni ekspertizadan o‘tkazish va saqlanishini taʼminlaydi. Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, ularning davlatga topshirilishini tashkil qilish hamda fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qo‘yish va tasarrufdan chiqaradi. Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, halokat yoqasidagi arxeologiya obyektlarida zudlik bilan tadqiqot o‘tkazilishini taʼminlash, arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash, muzeylashtirish hamda arxeologiya parklarini yaratadi.
Aziz Abduhakimov Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga arxeologik obyektlarning ahvoli o‘rganish uchun borilganda ulardan foydalanish jarayonida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganlik holatiga duch kelingani, Madaniy meros agentligi mana shunday qonunbuzarlik holatini aniqlagan zahoti Respublika prokuraturasi organlariga murojaat etishi hamda zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi lozimligini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishiladi. Bunda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar bo‘yicha loyihalar Madaniy meros agentligi tomonidan UNESKO Ishlari bo‘yicha milliy komissiya orqali UNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi. Madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining davlat reyestri Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari turar-joylardagi mayolikalar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
“XX asrning 60-70-yillarda poytaxtning o‘ziga xos qiyofasi yaratilishida xizmat qilgan mayolikalar ro‘yxatini tuzish, ularni asossiz ravishda didsizlik bilan bo‘yashning oldini olish maqsadida jurnalist va blogerlar, jamoatchilik bilan uzviy aloqa yo‘lga qo‘yilishi zarur, - dedi Aziz Abduhakimov. - Toshkent shahrining Navoiy, Shota Rustaveli ko‘chasidagi binolarni saqlash, ularning tarixiy qimmatini aniqlab, ro‘yxatini shakllantirish kerak”.
Yig‘ilish yakunida mutaxassislar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar va takliflar bilan o‘rtoqlashishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi