17-18 iyun kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahrida “Markaziy Osiyo oliy ta'lim makoni: mintaqaviy hamkorlik, milliy islohotlar” mavzusida Markaziy Osiyo davlatlarining oliy ta'lim vazirlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov onlayn tarzda qatnashib, hozirgi kunda O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan chuqur islohotlar, xalqaro ta'lim makonidagi integratsiya va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, xususan, uni Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan kengaytirish hamda istiqboldagi rejalar bo‘yicha nutq so‘zladi.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundan iboratki, unda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash, mintaqada ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda attestasiyadan o‘tkazish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqa davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yanada jadallashtirish g‘oyalari ilgari surildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi