Koreya Eksimbanki: O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari L.Kudratov Koreyaning Eksimbanki vakolatxonasi rahbari Cho In-Gyu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va o‘quv komponentlarini yaratish (1-bosqich)”, Milliy saraton markazi va Kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasini qurish kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ushbu loyihalarni joriy etilishini tezlashtirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.
Tomonlar, shuningdek, 2021-yil uchun ustuvor tashabbuslarga, jumladan, “Umumta'lim maktablarini kimyo, fizika, biologiya fanlari bo‘yicha laboratoriya to‘plamlari bilan jihozlash va xalq ta'limi sohasida AKT modernizasiya qilish”, “Tashkent Pharma Park” Innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va o‘quv komponentlarini yaratish (2-bosqich)”, “Tibbiyot OTMni qurish” loyihalariga oid navbatdagi qadamlarni muhokama qildi.
Ma'lumot uchun: bugungi kunga kelib, «EDCF» Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi bilan hamkorlik doirasida Respublikada umumiy qiymati 296,5 million dollarga teng bo‘lgan 8 ta loyiha amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda 608 million dollarlik 6 ta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Umumiy qiymati 1 milliard dollarga teng bo‘lgan yangi loyihalardan tashkil topgan 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Rivojlanish dasturini amalga oshirish Bitimi imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi