Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qism tashabbusi bilan Yashnobod tumanidagi «Olmos» mahallasida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilarning oila a'zolari uchun «Mustahkam oila – jamiyat tayanchi» mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrining taniqli aktyorlari va Qibray tumani hududiy otinoyisi ishtirok etdi. Tadbirga yig‘ilganlarning asosiy qismi ayollardan iborat bo‘lganligi bois, otinoyi tomonidan ro‘zg‘or yumish va tashvishlarida chidamli, og‘ir kunlarda sabrli, xursandchilik kunlarning esa shukronasini qilib yashashni o‘zlarida shakllantirish kerakligi to‘g‘risida ta'kidlandi.
Turmush o‘rtog‘iga doim yelkadosh bo‘lish, uni tushinish, hurmat qilish va doim qo‘llab quvvatlab turish kerakligini misollar orqali tushinchalar berildi. O‘zbekiston xalq artisti Mehri Bekjonova ijrosidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
– Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz, harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarining madaniy dam olishlarini tashkillashtirish, harbiy qismlar tomonidan harbiy xizmatchining oilasini qo‘llab-quvvatlash. Qolaversa, oilada tarbiya topayotgan farzandlarining ham o‘z kelajagi va Vatanimiz kelajagi uchun kerakli inson bo‘lib kamolga yetishlarida o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat, – deydi harbiy qism komandrining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Nuriddin Rahimov.
Sherzod ShARIPOV Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi