O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Kelajak liderlari” klubining vazifalari nimalardan iborat
2021-06-18 | Jamiyat
Buxoroda “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Republikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Buxoro viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 1 ming 98 nafarini yoshlar tashkil etishi ta’kidlandi.
Yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, ularni davlat xizmatiga keng jalb qilish yuzasidan ishlarning tizimli ravishda tashkil etilmaganligi, davlat xizmatchilari to‘g‘risida o‘rnashib qolgan eskicha qarashlardan voz kechish bo‘yicha ishlar talabga javob bermasligi tanqid qilindi.
Shuningdek, iqtidorli va lider yoshlar qatlamini tizimli ravishda shakllantirib borishda muammolar borligi, yoshlar va davlat tashkilotlari rahbarlari o‘rtasida aloqa yo‘qligi, ushbu tashkilotlar faoliyatida ularning bevosita ishtirok eta olish imkoniyati rasmiyligicha qolayotgani kabi bir qator muammolar aytib o‘tildi.
Viloyatda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiali qoshida 20 yoshdan 35 yoshgacha oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yosh davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Kelajak liderlari” klubi faoliyati tashkil etilmoqda. Mazkur klubning asosiy maqsadi yosh vatanparvar liderlar qatlamini shakllantirishga qaratilgan. Ular o‘z ortidan tengdoshlarini ergashtirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish hamda davlat fuqarolik xizmatida istiqbolli kadrlarning ulushi ortishiga xizmat qiladi.
— Klub Prezidentimizning 2020 yil 25 dekabrda o‘tkazgan Yoshlar forumidagi nutqi, Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda joriy yil dasturida qayd etilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati hududiy filiali direktori Zafar Jumayev. — Klub a’zolari to‘rt bosqichdan iborat saralash bosqichlari orqali saralab olinadi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan saralash bosqichi haqidagi platforma bo‘yicha 200 ga yaqin hujjat qabul qilindi. Nizomda belgilangan talab asosida to‘rt bosqichda sinovdan o‘tkazilgan nomzodlar orasidan eng munosib 50 nafar lider yoshlar klub a’zoliga qabul qilinadi.
Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi. Shu kuni “Kelajak liderlari” klubiga a’zolikka nomzodlar uchun test sinovlari ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Republikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov ishtirok etdi.
Manba: O'zA