O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident mahalla hayoti bilan tanishdi
2021-06-17 | Jamiyat
Davlatimiz rahbari Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.
Mahallada 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yil 915 o‘rinli umumta’lim maktabi ta’mirdan chiqarildi. Barcha ko‘chalar obod bo‘lyapti. O‘nlab kichik biznes sub’ektlari aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Odamlarning o‘zi ham hunarmand, mirishkor. Jumladan, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga 10 sotixdan yer ajratilyapti. Mahalladagi 150 ta xonadonga 50 boshdan parranda berilib, o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlangan.
Shavkat Mirziyoyev shu yerlik Qurbonali O‘rinboyev xonadonida bo‘lib, yashash sharoitlari, parrandachiligini ko‘zdan kechirdi. Mahalla vakillari bilan dildan suhbat bo‘ldi.
- Endi har bir xonadonning imkoniyatidan kelib chiqib, biznes-reja yozib beriladi. Davlat tashkilotlari sharoit yaratadi. Hozirgi zamonga munosib bo‘lib, mehnat qilmasak, niyatimizga yetolmaymiz. Xudoning o‘zi mehnatga, harakatga yarasha ajrini beradi, - dedi Prezident.
Nuroniylar yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab, duo qildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti