O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tarixiy obidalarni birgalikda asraymiz
2021-06-17 | Madaniyat
Me’moriy obidalar tirik organizmga o‘xshaydi. Ularni asrab-avaylash ishlarini to‘g‘ri olib borish tarixiy ob’ektlar umrini uzaytirishda, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Madaniy meros agentligida Italiya, Fransiya, Yaponiya, Eron, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimizda bir guruh eronlik restavratorlar xizmat safari bilan mehmon bo‘lib turibdi. Ular yurtimizdagi 40 ga yaqin tarixiy ob’ektlarni o‘rganishdi.
Agentlikda Eron Respublikasi restavratorlari O‘zbekiston madaniy merosi bo‘yicha olimlar, mutaxassislar, Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchilari va magistrlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy madaniy meros ob’ektlarini asrash borasidagi hamkorlik ijobiy natijalarni berishini qayd etdi.
Seminarda eronlik restavrator olimlar Siyovush Sobiriy Kohkiy, Saidhusayn Haydariy Lutfobodiy, Afsona Jabroilzoda Korgar 5 kun mobaynida Samarqand va Shahrisabz shaharlarida temuriylar davriga oid 40 ga yaqin arxitektura yodgorliklarini o‘rganganliklari bo‘yicha tahlillarga asoslangan taqdimotni namoyish qildi.
Taqdimotda Eronning temuriylar davriga oid yodgorliklari bilan O‘zbekistondagi ushbu davr yodgorliklari qiyosiy tahlil qilinib, undagi tarh, qurilish ashyolarining ishlatilishi, obidalarni saqlashdagi o‘ziga xos jihatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Seminardan so‘ng eronlik restavratorlar o‘zbekistonlik restavratorlar, magistrlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga batafsil javob berdi.
Shuningdek, Madaniy meros agentligida Madaniy merosni asrash va alohida muhofaza qilinadigan hududlarni himoya qilish boshqarmasi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda soha muammolari atroflicha muhokama etildi.
Amaliy uchrashuv jarayonida eronlik restavratorlar xizmat safari jarayonida tarixiy obidalarni o‘rganish jarayonida qilingan tahlil natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tehron universiteti huzuridagi Madaniyat va san’at tadqiqotlari instituti direktori o‘rinbosari Siyovush Sobiriy Kohkiy Eronda ham temuriylar davrida qurilgan tarixiy yodgorliklar mavjud bo‘lib, koshinlardagi lojuvard va niliy ranglar, xom va pishgan g‘ishtlarning qo‘llanilishi aynan o‘xshash ekanligini ta’kidladi. O‘rta asrlardagi me’mor ustalar tarixiy binolar qurilishida uni namgarchilikdan himoyalash xususiyatlarini inobatga olganliklarini, ammo binolar oxirgi yillarda ta’mirlanganda sement va betondan foydalanish oqibatida ularning tashqi hamda ichki qismida sho‘rlanish hodisasi yuz berayotgani taassuf bilan qayd etildi.
– Madaniy yodgorliklar ta’mirlanishida tabiiy qurilish ashyolaridan foydalanish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin,–dedi Siyovush Sobiriy Kohkiy.– Ayni paytda bu kabi hamkorlik me’moriy obidalarni asrash borasidagi o‘zaro fikr va tajribalarimizni boyitishga xizmat qiladi.
Manba: O'zA