O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorij kompaniyasi O‘zbekistonda ikki yil ichida 6 ta mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda
2021-06-17 | Jamiyat
Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish va salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-yanvardagi «Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlarini jalb qilish va ulardan foydalanish borasida maqsad-vazifalar belgilangan.
Dunyoning 80 ta davlatida 9000 dan ziyod mehmonxonaga ega bo‘lgan eng yirik franchayzing kompaniyasi – “Wyndham Hotels & Resorts” Buxoro shahrida mehmonxona qurishga qaror qildi. Poytaxtimizda ana shu borada bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, mazkur mehmonxona Buxoro aeroportidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha sarmoyadorlari “Hotel Services “ MCHJ bo‘lib, dizayn loyihasi, brendlarni jalb qilish va mehmonxonalarni boshqarish “Leo Hospitality Solutions ” tomonidan amalga oshiriladi. –Mazkur mehmonxonaning ishga tushirilishi 2022-yilning mart oyida rejalashtirilgan,— deydi turizm va sport vaziri o‘rinbosari Abdulaziz Oqqulov.–Pandemiya, ayniqsa, turizm sohasida bir qator muammolarni keltirib chiqargan bo‘lishiga qaramasdan, jalb etilayotgan investitsiyalar tufayli ushbu biznes rivoji bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mehmonxonalar rivoji uchun davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, “Wyndham” kompaniyasi mamlakatimizda ikki yil ichida 6 ta mehmonxona qurishni rejalashtirgan. Eslatib o‘tamiz: “Wyndham Hotels & Resorts” 20 ta mehmonxona brendlari portfelini boshqaradi. Mehmonxonalarni boshqarish xizmatlari bo‘yicha yetakchi provayder sanaladi.
Manba: O'zA