O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shohimardonda sayyohlik mavsumi ochildi
2021-06-17 | Madaniyat
Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘i va Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati Qadamjoy tumanida sayyohlik mavsumini ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Farg‘ona va Botken viloyati hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, san’atkorlar va jurnalistlar ishtirok etmoqda. Shohimardonning o‘ziga xos ohanrabosi, tarovati bor. Borishni niyat qilgan daqiqadan boshlab, bor vujudingiz shu maskanga talpinaveradi.
Purviqor tog‘lari, so‘lim tabiati, zilol soylari, toza havosi har qanday kishini maftun etadi. Hazrat Ali ziyoratgohida esa ruhingiz taskin topib, ma’nan quvvat olasiz. To‘rt tarafi tog‘lardan iborat maftunkor bu qishloqning Oqsuv va Ko‘ksuv soylari dilingizga huzur bag‘ishlaydi. Ruhingiz orom olib, butun borliq o‘ziga sizni maftun qilib qo‘yadi. Ayni kunlarda ko‘hna qishloq sayyohlik maskani sifatida barchani o‘ziga chorlamoqda.
Delegatsiya Qadamjoy tumani chegarasida katta tantanalar bilan kutib olindi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganligini, xususan, turizm sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shundan so‘ng bu yerdagi Hazrat Ali qadamjosi ziyorat qilindi.
Shohimardon qishlog‘idagi ilk manzil- Hazrat Ali ziyoratgohi bo‘ldi.Bu yerda ikki qardosh davlat vakillari yurtlarimizga tinchlik omonlik tilab, duo qilindi. Ko‘li Qubbon – Shohimardonning janub tarafida, qishloq markazidan 5 kilometr uzoqlikda, Qirg‘iziston Respublikasi hududida joylashgan.
3000 metr balandlikdagi tog‘ bag‘rida yuzaga kelgan Qubbon ko‘li yoki Ko‘k ko‘l tabiat mo‘’jizasi sifatida juda go‘zal maskandir. Bu yerdagi osma dor yo‘li bugun qayta ishga tushirildi.Endilikda Shohimardonga keluvchilar bu yerda sayohat qilishlari mumkin. Mehmonlar bu yerda ham bo‘ldi, Ko‘li Qubbon manzarasi dillarga zavq ulashdi.
Manba: O'zA