Toshkent shahrida O‘zbekistonda Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturi doirasida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan birgalikda joriy etilayotgan tashabbuslardan biri bo‘lgan Hukumat akseleratori ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari vaziri Muhammad al-Qarqoviy va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi rahbariyati va boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etdi.
Akseleratorning asosiy vazifasi davlat organlari va tashkilotlari resurslarini jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni tez va samarali hal etishdan iborat. Akselerator guruhlari har bir 100 kunlik muddat ichida maxsus yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun davlat organlari, xususiy sektor va boshqa manfaatdor tomonlar bilan ishlaydi.
Tadbir doirasida, Akselerator rahbariyati birinchi 100 kunlikda to‘rtta yo‘nalish, ya'ni qurilishga ruxsat berish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish va kommunal to‘lovlar uchun yagona billing tizimini yaratishni soddalashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ishtirokchilarga ma'lumot berdi.
Shunday qilib, barcha mas'ul idoralar ishtirokida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida qurilish ruxsatnomasini olish muddatini 246 kundan 84 kungacha qisqartirish hamda jarayonni onlayn rejimga to‘liq o‘tkazish imkoni yaratildi. Ayni paytda jarayonni yanada optimallashtirish va hududlarda elektron tizimni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi. Toshkent viloyatining Buka tumanida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, Akselerator jamoasi tadbirkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor va “Ayollar daftari” reestriga kiritilgan 55 nafar ayollar ro‘yxatini shakllantirdi. Kasb-hunar kurslari tashkil etilib, loyiha ishtirokchilariga biznes-rejalarni ishlab chiqish, o‘z korxonalarini ro‘yxatga olish va imtiyozli kreditlar berilishiga ko‘maklashildi.
Shuningdek, Akselerator tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Takliflar loyiha hujjatlarini idoralararo kelishish jarayonini soddalashtirish, qurilishning bosh rejalari va ularni ishlab chiqishga sarflanadigan vaqt va xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
20 milliondan ortiq kommunal xizmatlari iste'molchilarining ma'lumotlari qayta ishlanib, yagona iste'mol identifikatori sifatida foydalaniladigan jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikasiya raqamlari (JSh ShIR) asosida kommunal xizmatlar o‘rtasida iste'molchilar ma'lumotlarining integratsiyasi ta'minlandi.
BAA tomoni Akseleratorning natijadorligi va O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturini hayotga tatbiq etishda erishilgan muvaffaqiyatlar boshqa mamlakatlarda bunday mexanizmni joriy etishda kuzatilgan natijalardan ancha yuqori ekanligini ta'kidladi.
Marosim ishtirokchilariga fuqarolarning davlat xizmatlaridan qoniqish darajasini baholash, BMT standartlariga muvofiq O‘zbekiston energetika sohasida statistikani shakllantirish, korxonalar uchun reyting tizimini joriy kabi yangi 100 kunlik muddat doirasida Akselerator ishining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Umuman olganda, BAA hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturi 25 yo‘nalishni, jumladan, Milliy rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, davlat xizmatlarini takomillashtirish, “biznesni yuritish” reytingida O‘zbekiston pozisiyasini yaxshilash, innovasiyalarni joriy etish, soliq va bojxona ma'murchiligini, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish amaliyotini takomillashtirish hamda rahbar kadrlarni tayyorlash va davlat organlari uchun kadrlar zaxirasini yaratish va boshqa sohalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu dastur ijrosi doirasida O‘zbekiston va BAAda 5 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan 124 ta seminar hamda 100 ga yaqin turli qo‘shma tadbirlar tashkil etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi