O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari BMT Bosh kotibining yordamchisi bilan uchrashdi
2021-06-16 | Siyosat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev kecha BMT Bosh kotibining yordamchisi, Yevropa va MDH bo‘yicha BMT Taraqqiyot dasturi mintaqaviy byurosi direktori Mirjana Egger bilan uchrashdi.
Oliy Majlis Senati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska ham ishtirok etdi.
Tomonlar so‘nggi yillar davomida ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanayotgani, shu jumladan, BMT institutlari bilan hamkorlikda qator ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida siyosiy va iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining o‘rni kuchayib borayotgani to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir chog‘ida BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchillik bilan amalga oshirish O‘zbekiston davlat siyosatining muhim yo‘nalishi ekanligi taʼkidlandi. Bu yo‘nalishda qator chora-tadbirlar ko‘rildi, BMT Taraqqiyot dasturi bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda gender tenglik bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama etildi.
Marjana Egger O‘zbekistondagi demokratik islohotlarni yuqori baholagani barobarida o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanligini ham maʼlum qildi.
Tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi