O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2021-06-16 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini yanada mustahkamlash hamda parrandachilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
1. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Parrandasanoat” uyushmasining 2021-yil 1-iyundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratish taklifi ma’qullansin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq;
a) tijorat banklari tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:
omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik sub’ektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
b) kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni (keyingi o‘rinlarda – zamonaviy kompleks) ishga tushirgan tadbirkorlik sub’ektiga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan subsidiya beriladi.
Bunda, ushbu bandning “b” kichik bandida belgilangan subsidiya to‘lovi 1-ilovaga muvofiq hududlarda tashkil etiladigan sanitariya va ekologiya talablariga, shu jumladan, ISO 22000 HACCP standartiga javob beradigan dastlabki 14 ta zamonaviy kompleksga ular ishga tushirilgandan so‘ng beriladi.
3. Mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlarini qoplash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 million AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘ Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga o‘tkazib berilsin.
4. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltirilsin. Bunda,
1-bosqichda – 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar 2021-yil 1-iyulga qadar, shundan 15 million AQSH dollari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirish uchun;
2-bosqichda – 35 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar, 1-bosqich mablag‘larining ishlatilishi samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining qaroriga asosan yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘larning 70 million AQSH dollari ekvivalentidagi qismi tadbirkorlik sub’ektlariga Markaziy bank asosiy stavkasida kreditlar berish uchun “Mikrokreditbank” ATBga 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan past foiz stavkada ajratiladi.
5. Belgilansinki:
a) “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladigan maqsadli mablag‘lar quyidagilarni moliyalashtirish uchun ajratiladi:
bug‘doy, makkajo‘xori, soya doni va shroti, kungaboqar shroti kabi ozuqa-yem mahsulotlarini eng arzon bo‘lgan yig‘im-terim davrlarida zaxira qilish;
parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mavjud quvvatlarni to‘liq ishga tushirish uchun 24 oygacha bo‘lgan muddatga aylanma mablag‘ ajratish va modernizatsiya qilish;
b) “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladigan maqsadli mablag‘lar hisobiga boshqa tijorat banklari orqali tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan kreditlar ham moliyalashtirilishi mumkin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
2021-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi;
2022-yil 1-iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
“Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan parrandachilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning 6 oylik ish haqi miqdorining 50 foizi, biroq oyiga 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
7. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilsin.
Belgilansinki, “Parrandasanoat” uyushmasi raisi bir vaqtning o‘zida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar 2-ilovaga muvofiq parranda mahsulotlari yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish choralarini ko‘rsin.
9. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar veterinariya-sanitariya talablarining xalqaro tajribasiga asosan parrandachilik korxonalarini texnologik loyihalashtirish me’yorlarini ishlab chiqsin va 2022-yil 1-yanvardan boshlab tashkil etilayotgan parrandachilik loyihalarining ushbu me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirilishini ta’minlasin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda “Parrandasanoat” uyushmasi bir oy muddatda parrandachilik tarmog‘iga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqsin va 2022-yil 1-yanvarga qadar rivojlangan xorijiy davlatlardagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda respublikada naslchilik va omixta yem yo‘nalishida loyihalar amalga oshirilishini ta’minlasin.
11. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 20-mavze, 35a-uyda joylashgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi sobiq Toshkent transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi (asosiy vositalari) bilan birgalikda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
12. Tomorqa xo‘jaliklarida parrandalarning an’anaviy va kasalliklarga chidamli zot va turlari parvarishini tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
yuqori mahsuldor xonaki parrandalarning reproduktiv podalarini shakllantirish;
naslli tuxum inkubatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda parranda zotlarini sinovdan o‘tkazish va takomillashtirish;
shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga mos, ixcham parvarishlash texnologiyalari va organik ozuqalar turlarini yaratish;
aholida parranda boqish va organik mahsulot yetishtirish ko‘nikmalarini shakllantirish.
13. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutida bazaviy moliyalashtirish shartlari asosida faoliyat yurituvchi 4 ta shtat birligidan iborat “Parrandachilik seleksiyasi va texnologiyasi” bo‘limini tashkil etsin.
14. “Parrandasanoat” uyushmasi Toshkent shahri, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 21-“A” uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
15. “O‘zdonmahsulot” AK boshqaruv organining Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish guruhlarini “O‘zdonmahsulot” AKga tegishli bo‘lgan Toshkent shahar, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi, 36-uyda joylashgan binoda bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
16. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda yetishtirilgan va realizatsiya qilingan parranda go‘shti va tuxum uchun subsidiyalar ajratish tartibini tasdiqlasin.
17. Parrandachilikni rivojlantirish va parrandachilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.T.Norqobilov, moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 14-iyun
Manba: O'zA