O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT bosh kotibining yordamchisi va BMTTD Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv
2021-06-16 | Siyosat
Joriy yilning 15-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o’rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning BMT bosh kotibining yordamchisi va BMTTD Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi direktori boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Moliya vazirining o‘rinbosari Axadbek Xaydarov va Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxodjayev ishtirok etdilar.
BMTTD delegatsiyasi tarkibida esa O‘zbekiston Respublikasida dasturning doimiy vakili Matilda Dimovska, uning o‘rinbosari Doyna Muntyanu va boshqalar ishtirok etishdi.
Tomonlar milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi kompleks milliy moliyalashtirish mexanizmi (KMMM), qisqa muddatda kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasidagi "yashil" tiklash masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda, BMTTD mutaxassislarini KMMM va tegishli “yo‘xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha ishchi maslahatlarga faol jalb qilish muhimligi qayd etildi. O‘z navbatida, BMTTD vakillari kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish dasturlarini shakllantirishdagi salohiyatni oshirishda ekspert-tahliliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Muhokamada ish o‘rinlari tashkil etish orqali aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Respublikada "yashil" texnologiyalarni joriy etish maqsadida, 2021-2022-yillarda tajriba-sinov hududlarida barqaror rivojlanishni targ‘ib etishga qaratilgan "O‘zbekistondagi yashil tiklash yo‘lida" qo'shma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish va ijtimoiy himoya sohasida davlat siyosatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikning turli jihatlarini keyingi ekspertizadan o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi