O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Meva-sabzavot va go‘sht narxini nazorat qiluvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi
2021-06-15 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz bozorlariga meva-sabzavot va go‘sht yetkazib berish, ushbu mahsulotlar narxi barqarorligini ta’minlash masalalari yuzasidan fermer xo‘jaliklari, eksportyorlar, dehqon bozorlari rahbarlarining takliflari bilan o‘rtoqlashish maqsadida ochiq davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotda mavzuga oid qator masalalar, xususan, bugungi kunda narxi pasayishi sababli qator muhokamalarga sabab bo‘layotgan piyoz masalasi muhokama qilindi.
Vazirlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, so‘nggi 3 yilda piyoz eksporti hajmi 7,6 barobarga oshib, 2012 yildagi 28,6 ming tonnadan 2020 yilda 216,2 ming tonnaga yetgan. Shunga qaramay piyoz eksporti uni ishlab chiqarish hajmiga nisbatan pastligicha qolmoqda. Jumladan, 2020 yilda eksport hajmi yetishtirilgan mahsulotga nisbatan 17,2 foizni tashkil qilgan.
Ichki va tashqi bozorni meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashda eng asosiy muammo bu ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar o‘rtasida onlayn ma’lumot almashuvining mavjud emasligida.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan berilgan takliflardan kelib chiqib, bir oy mobaynida Toshkent shahridagi “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” hamda “Eski Jo‘va dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatlarida tajriba tariqasida bozor hududiga kunlik kirib kelgan meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari turi, miqdori, ularning eng quyi va eng yuqori narxi va qaysi hududdan olib kelinganini o‘z ichiga olgan dasturiy ta’minot ishlab chiqilishi belgilandi.
Ushbu dastur orqali bozor hududiga kunlik kelgan meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlari turi, miqdori, ularning narxi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanib, OAVda doimiy e’lon qilib borilishi rejalashtirilmoqda.
Manba: O'zA