O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreya kompaniyalari bilan aviatashuv sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2021-06-15 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston transport vaziri, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi kengashi raisi Ilhom Mahkamov Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon bilan uchrashuv o‘tkazdi
Muloqot chog‘ida keng ko‘lamli xamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar va logistika bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Kim Chang Keon koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro aviaqatnovlar sohasi jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida biznes uyushmaning faol qo‘llab-quvatlovi va yordami bilan hayotga tadbiq etilayotgan yirik loyihalar doirasida «Uzbekistan Airways» bilan hamkorlikda yuk tashish loyihalarini amalga oshirishni taklif etdi.
O‘z navbatida, Ilhom Mahkamov biznes uyushma bilan hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarning yangi qirralarini joriy etishdan manfaatdorlik bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar «Uzbekistan Airways» bilan CSA yuk tashish xizmati bitimini tuzish uchun Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes uyushmasining eng yaxshi logistika kompaniyalari aʼzolari konsorsiumini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Ushbu tizim orqali havo transporti sohasidagi loyihalar rasman ilgari surilishi aytildi. Bundan tashqari, har ikki tomon vakillari O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasining temir yo‘l va avtomobil yo‘l transportining asosiy logistika markazi sifatida rivojlantirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga va bu borada o‘zaro muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi