O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Belarus mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
2021-06-15 | Siyosat
Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi xodimlarining Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi iqtisodiyot qo‘mitasi raisi Aleksandr Komendant bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumki, Belarus va O‘zbekiston mintaqalarining I forumi doirasida Andijon hamda Samarqand viloyatlari va Grodno viloyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda ularni hayotga tadbiq etish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari (Minsk shahri, 2019-yil 29-30-iyul) imzolangan edi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi holati hamda O‘zbekiston va Belarus mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning istiqbollari muhokama etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil avgust oyida Belarusga buyurgan tashrifi yakunlari bo‘yicha mintaqalararo har tomonlama va amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin qo‘yilgani taʼkidlandi.
O‘z-o‘zidan ayonki, bu mintaqalarning korxona va tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlari ko‘lamlarini kengaytirish, sheriklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, tadbirkorlik tizimlarining tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro maqbul shartnomalarni imzolashlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi.
Bularning natijasi o‘laroq, bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, ikki mamlakat mintaqalarining mahalliy hukumat idoralari, ishbilarmon doiralari, taʼlim muassasalari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi taʼlimi, chorvachilik, veterinariya va urug‘chilik singari sohalarda yaqin hamkorlik munosabatlari o‘rnatildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Belarus mintaqalari va shaharlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yana-da rivojlantirish va ularning ko‘lamlarini kengaytirish yo‘lini davom ettirish yuzasidan yakdillik bildirildi. Agrosanoat majmuasi, yengil va oziq-ovqat sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etish, shuningdek, birgalikda madaniy-ommaviy tadbirlar, infoturlar tashkil etish, ikki mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi